Meksika g‘alabasidan keyin Gvadalaxarada tartibsizliklar yuz berdi
Meksikaning Ekvador ustidan qozongan g‘alabasidan keyin Gvadalaxara shahrida ommaviy tartibsizliklar kelib chiqdi.
TASS xabariga ko‘ra, tartibsizliklar oqibatida kamida 48 nafar shaxs hibsga olingan, ikki nafar politsiya xodimi jarohat olgan.
Ma’lum qilinishicha, o‘yinni ommaviy ekranlarda tomosha qilish uchun taxminan 160 ming nafar muxlis yig‘ilgan. Bellashuv tugagach, shahar markazi hamda FIFAning rasmiy fan-zonasida vandalizm holatlari va politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz bergan.
Agressiv kayfiyatdagi muxlislar to‘siqlarni buzib o‘tishgan. Shu sababli huquq-tartibot organlari ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz qo‘llashga majbur bo‘lgan. Tiqizlik va to‘qnashuvlar natijasida o‘nlab odamlar tibbiy yordamga murojaat qilgan.
Xalisko shtati va Gvadalaxara shahar ma’muriyati Meksika terma jamoasining 1/8 final uchrashuvi oldidan xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilishini ma’lum qildi.

Fikrlar