
"Men buyuk murabbiy emasman" - Viktor Kumikov "Andijon" nima sababdan Superligani tark etgani haqida gapirdi
Bir qarashda “Andijon” jamoasining Superligada qolish imkoniyati yaxshiroqdek ko‘ringandi. Ko‘rsatayotgan o‘yin, etakchilardan tortib olinayotgan ochkolar sabab bizni mana shunday fikr yuritishimizga majbur etgandi. Lekin yakunda nima bo‘ldi?
Hammasi jamoaning o‘z qo‘lida bo‘lib turgan bir paytda vaziyatni o‘zi uchun ijobiy tomonga o‘zgartira olmadi. Oqibatda “Andijon” Superligaga “sig‘may” qoldi.
Bosh murabbiy Viktor Kumikov o‘rtamiyona tarkibdan hartugul raqobat ko‘rsata oladigan jamoani shakllantirganini ham ko‘rdik. Ammo bu ham baribir etarli bo‘lmadi. Shu bois Sports.uz muxbiri “Andijon”ning Superligani tark etishi yuzasidan Viktor Kumikovga bir qator savollar bilan murojaat qildi.
- Viktor Balyutovich, har bir murabbiy uchun jamoasini quyi ligaga tushib ketishini ko‘rish og‘ir. Hozir qalbingizdan nimalar o‘tyapti?
- Ha, albatta shunday holatni yoqimli deb aytishga til aylanmaydi. Ammo, ehtimol “Andijon” FK uchun kuchlilar safini tark etish va ma’lum vaqtdan so‘ng, jiddiy jamoa sifatida qaytish eng ma’qul variant bo‘lardi. Yuqori o‘rinlar uchun klub kurashishga tayyormi? Ha, bunga tayyormiz deb hisoblayman. Shunday ham bo‘ladi. Eng ma’quli ortga qadam tashlab, kuchliroq bo‘lib qaytish uchun hozirlik ko‘rishdan iborat. Men buni har yili o‘rganishdan ko‘ra, yaxshiroq variant deb hisoblayman.
- Mavsum oxirlarida baribir Superligadan hech kim tushib ketmas ekan, degan gap-so‘zlar futbolchilarni chalg‘itib qo‘ymadimi?
- Albatta, bu masala yuzasidan suhbatlar bo‘lib o‘tdi va hamma qilinajak ishlar borasida yakuniy xulosa chiqardi. Ammo biz qilgan mehnatlarimiz bilan yuqori ligada o‘ynashga tayyor ekanligimizni namoyish eta oldik. Buni xayolimizning bir chekkasida saqlab qolgan holda amalga oshirishga intildik, baxtga qarshi urinishlar zoe ketdi.
- Murabbiylik faoliyatingizda ilk bor qo‘l ostingizdagi klub quyi ligaga tushib ketdi. Bunda o‘zingizni qanchalik aybdor his qilyapsiz?
- Jamoaning elitadan tushib ketmasligiga tayyor holda bunga amal qilib, so‘nggi pallagacha umid uchqunini so‘ndirmaslik payida bo‘ldik. Ilojsiz holatda bunga harakat qilish butunday boshqa masala. Men qo‘limdan kelganicha klubni olib qolishga harakat qilsam-da, barcha urinishlarimiz puchga chiqdi. Bunday bo‘lishi uchun kim yoki kimlar aybdor?.. Menimcha, chempionat davomida ishtirok etganlarning hammasi birdek mas’uldir.
- Pro ligada ishlab jamoani Superligaga qaytarishga tayyormisiz?
- Men – buyuk murabbiy emasman! Agar klubda qolib, ishlashda davom etishimni so‘rashsa, bunga tayyorman. Murabbiy uchun har qanday holatda ishlash, tajribasini oshirib borish o‘zini-o‘zi cheklab qo‘yishdan ko‘ra, afzalroq.
- Aslida rejangiz qanday edi? Ya’ni, klub bilan qanday kelishuv bo‘lgan?
- Yuqoridagi klublardan ochkolar borasida ancha ortda qolib ketganimiz jaxlimizni chiqardi, shuning barobarida oxirigacha kurashdik. Baxtga qarshi bu etarli bo‘lmadi. Yuzaga kelgan murakkab vaziyatdan chiqib ketishga intildik, afsuski...Jamoa ichida nima qilib bo‘lsa ham jon saqlab qolish borasida bir to‘xtamga kelishga harakat qildik. Buni aytib o‘tishim joiz. Hammasini hal qilish uchun esa bizga vaqt etishmadi. Chunki chempionat tugashiga juda qisqa fursat qolgan edi. Orada vaziyat chorasizdek ko‘rinmadi, lekin baribir hammasini boy berib qo‘ygan ekanmiz. Hammasi uzil-kesil hal bo‘lganini juda kech tushunib etdik. Bunda legionerlarning hech qanday aybi yo‘q. Ular jamoada salkam bir yildan beri o‘ynab kelishyapti.
- “Andijon”ning “Paxtakor”ni yutgani qaerga ketdi? Chunki o‘sha g‘alabadan keyin ko‘pchilik jamoa qolsa kerak, deb o‘ylashgandi...
- 3-4 haftalik ishdan keyin jamoa o‘yinida o‘zgarish yuzaga kelgandi. Shuning barobarida har bir o‘yinning 70-75 foizida maydonda ustunlik qildik. Agar uchrashuv shuncha vaqt davom etib tugaganida hammasi bu qadar achinarli bo‘lmasdi. Shunda deyarli har bir o‘yinni g‘alaba bilan tamomlardik. Lekin biz o‘yinning 100 foiziga tayyor emasdik. Shuning uchun ham so‘nggi pallada kuchimiz, irodamiz etishmay qoldi. Qo‘shimchasiga muayyan o‘yinlarda jamoaning ruhiy holati optimal darajada emasdi. “Paxtakor”ga qarshi kechgan bahsda o‘z kuchimizga bo‘lgan ishonch yuqori edi. Ammo qolgan bellashuvlarda negadir bunday holatga qayta olmadik.
Fikrlar