
Men uchun yangi takliflar juda qiziqarli - Aleksandr Krestinin Osiyo kubogidagi natija va yurtimizda ishlash imkoniyati haqida
Qirg‘iziston terma jamoasining rossiyalik bosh murabbiyi Aleksandr Krestininni yurtimizda ham tanishadi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Ayniqsa, 2019 yilgi Osiyo kubogida qirg‘izlarning ishtirokidan keyin ko‘pchilik ushbu murabbiy haqida juda iliq fikrlarni bildira boshlashdi.
Shundan so‘ng, o‘zimizda ham Krestininga nisbatan qiziqishlar ortgandi. Har holda rossiyalik mutaxassis qit’ada o‘z o‘rnini topishga urinayotgan Qirg‘iziston termasini asta-sekin raqobatbardosh jamoaga aylantira olayotganini Osiyo Kubogida ko‘rsata olgandi.
Darvoqe, Aleksandr Krestinin Qirg‘iziston terma jamoasini boshqarish bilan birga mamlakatning eng nomdor klubi hisoblangan “Dordoy” klubiga ham bosh murabbiylik qilishini eslatib o‘tmoqchimiz. Kuni kecha ushbu mutaxassis sports.uz uchun intervyu berdi.
- Aleksandr Sergeevich, bizni ishqibozlar sizni Qirg‘iziston terma jamoasidagi ishingiz orqali yaxshi bilishadi. Hozir “Dordoy” klubida oldingizga qanday vazifalar qo‘yilgan? Umuman, ayni paytda qanday ishlar bilan mashg‘ulsiz?
- Men 2017 yildan beri Qirzig‘istonning eng sovrindor jamoasi hisoblanadigan “Dordoy” klubini boshqarib kelyapman. Shak-shubhasiz, bunday klubni boshqarish har qanday murabbiy uchun faxrli ishdir. Mos ravishda klub oldiga eng maksimal vazifalar qo‘yilgan.
- Osiyo kubogida Qirg‘iziston terma jamoasi munosib ishtirok etdi. O‘sha musobaqadan keyin hayotingiz va murabbiylik faoliyatingiz qay darajada o‘zgarib ketdi?
- Hayotimda aytishga loyiq biror ish yoki o‘zgarish sodir bo‘lgani yo‘q. Murabbiylik faoliyatim Qirg‘izistonda davom etmoqda. Osiyo kubogiga qadar “Dordoy” klubi va Qirg‘iziston terma jamoasida ishni teng olib bordim. Hozir ham shu ruhda davom etmoqdaman. Ehtimol, shu orqali biroz tanilgan bo‘lishim mumkin, ammo bundan ortiq emas. Murabbiylik faoliyatimda katta o‘zgarish sodir bo‘lmadi.
- O‘sha Osiyo Kubogi turniridan so‘ng, siz haqingizda vataningiz – Rossiyada ham gapirishni boshlashdi. BAAdagi musobaqadan keyin yanada mashhur bo‘lib tanildim, deya olishingiz mumkinmi?
- Yanada mashhur bo‘lib tanildim, deya olmayman. Yana takrorlayman: balki meni yaxshiroq bilib olishgan bo‘lishlari mumkin, biroq bundan ortiq darajada emas. Qirg‘izistondan farqli ravishda Rossiyada ancha nom qozongan murabbiyman, deya olmayman.
- Qirg‘iziston terma jamoasining "JCh-2022" saralash bosqichidagi kelajagini qanday tasavvur qilyapsiz?
- Biz o‘z maydonimizda Tojikiston terma jamoasiga qarshi juda muvaffaqiyatli o‘yin o‘tkazdik (izoh: o‘sha o‘yin 1:1 hisobida tugagan). Lekin o‘sha uchrashuvdagi natijadan keyin bizning ahvolimiz sal murakkabroq ko‘rinishga kelgan. Keyingi bosqichga chiqish uchun imkon yo‘q emas, ammo buni amalga oshirish o‘ta murakkab bo‘lishiga shubha yo‘q.
- Qirg‘iziston terma jamoasining asosiy muammosi yaxshi futbolchilarning etishmasligadimi?
- Qirg‘iziston chempionatining Osiyo qit’asida eng kuchli ligalardan biri sanalmasligini hamma yaxshi bilsa kerak. Bu hech kimga sir emas. Biroq muayyan rivojlanish bor. Futbolchilar imkoniyatlari darajasida o‘ynashga harakat qilyapti. Terma jamoa va klublarda yaxshi ijrochilarimiz yo‘q emas, biroq ularning saviyasi xalqaro darajaga to‘la mos keladi, deyish amrimahol. Istardimki, qirg‘iz futbolchilari ham, son jihatdan mana shu xalqaro darajaga chiqishsin. Qolaversa, buning uchun ularda resurslar etarli. Hozir Qirg‘izistonda ertangi kuni ancha porloq bo‘lishi kutilayotgan yosh avlod vakillari bo‘y ko‘rsatmoqda. Umid qilamizki, ular barcha darajalarda o‘zlarini ko‘rsata oladi.
- Sizning murabbiylik faoliyatingiz Qirg‘iziston bilan chambarchas bog‘liq. Siz uchun bu mamlakat qanday ahamiyat kasb etadi?
- Albatta, gapingizda jon bor. Murabbiylik faoliyatim Qirg‘iziston bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, u erda menga klubni ishonib topshirishdi. So‘ngra, milliy terma jamoani boshqarish imkoniyatini ham taqdim etdilar. Bunday ishonch uchun rahbariyat va muxlislarga minnatdorlik bildirishim kerak. Qirg‘iziston ona yurtim Rossiyadan so‘ng, men uchun go‘yo ikkinchi qadrdon go‘sha bo‘lib qolgan, desam mubolag‘a qilmayman.
- Osiyo kubogidan keyin xizmatingizga boshqa jamoalardan ham qiziqishlar bo‘ldimi? Masalan, sizni qaysi klublarga taklif qilishdi? Mening fikrimcha, siz yanada kuchliroq klubda yoki termada ishlashga loyiq darajaga etgansiz, shu fikrimga qo‘shilasizmi?
- Ha, takliflar bo‘ldi. Lekin ular hozirgi holatimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, o‘ziga juda tortadigan darajada emasdi. Albatta, o‘zimni ancha kuchliroq bo‘lgan Osiyodagi yoki Evropadagi ligalardan birida sinab ko‘rishga ikkilanmasdan rozi bo‘lardim. Ammo bugungi holatimdan ham to‘la qoniqish hosil qilmoqdaman.
- Agar sizga O‘zbekiston Superligasida ishlashni taklif etishsa, bunga rozi bo‘larmidingiz?
- Men har qanday takliflarga ochiqman. Agar o‘zimni qiziqtiradigan takliflar bo‘lsa, albatta xizmatimga ko‘z tikkan jamoalar vakillari bilan bu borada gaplashgan bo‘lardim. Bu o‘z navbatida, klub yoki terma jamoa miqyosidagi ishga birdek taalluqli. O‘z o‘rnida, mendagi bunday istakdan “Dordoy” klubi va Qirzig‘iston futboli rahbarlari bexabar emas. Men uchun yangi takliflar juda qiziq. Shu bois, bu masalada hammasini muhokama qilishga tayyorman. Biroq bu gapimdan Krestinin Qirg‘izistondan ketishga rozi ekan, degan noto‘g‘ri xulosa chiqarmasligingizni so‘ragan bo‘lardim. Bu erda hamma narsa meni qanoatlantiryapti. Ammo shu bilan birga men dialoglar uchun ochiqman.
- Tasavvur qiling, sizga “Bunyodkor” klubini boshqarish taklifi bilan chiqishdi...Agar shunday holat yuz bersa qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz?
- Keling, voqelikka xayolan emas, balki real ko‘z bilan qaraylik. Agar chindan ham takliflar kelib tushsa, boya aytganimdek, dialoglar uchun ochiq bo‘laman. Agar meni to‘g‘ri tushungan bo‘lsangiz, har xil xom-xayollarga berilmayman.
Fikrlar