
"Menga Nasrullaev yoqadi, O‘runov haqidagi savol murakkab, O‘zbekistondagi go‘zalliklarni ko‘rmoqchiman" - Kerjakov SPORTS.UZ saytiga yana qiziqarli mavzular va Qosimov haqida gapirdi
Aleksandr Kerjakov! Bu nom qulog‘imizga shunchalik singib ketganki, darhol uning kimligi yodimizga tushadi. Ha, bu o‘sha Rossiya futbolining afsonalaridan biri. Mohir hujumchi va to‘purar bo‘lgan. Rossiya futboli tarixidagi eng yaxshi to‘purar.
Vaqti kelib, Kerjakov butsalarini mixga ilib, o‘zini murabbiylikka bag‘ishladi. Unga endi hamma Aleksandr Anatolevich deb murojaat qiladi.
Yodingizda bo‘lsa kerak, o‘tgan mavsumda “Nijniy Novgorod” klubiga ustozlik qilganida hamyurtimiz Ibrohimxalil Yo‘ldoshev uning qo‘li ostida to‘p surdi. Bir kam 40 yoshni “urib” qo‘ygan “Kerj” ilk bor Sports.uz sayti uchun eksklyuziv intervyu berishga rozi bo‘ldi.
“Rahbariyat hamkorlikni to‘xtatishni ma’qul topdi”
- Aleksandr Anatolevich, biz sizni futbolchi sifatida yaxshi eslaymiz. Murabbiy roliga o‘tganingizga hali ko‘p bo‘lmadi. Ayting-chi, futbolchi Kerjakov bilan murabbiy Kerjakov o‘rtasida qanchalik farq bor?
- Menga bu savolga javob qaytarish ancha qiyin bo‘lsa kerak. Chunki tashqaridan turib qaragan odamga bu sezilishi mumkin, ammo kishining o‘ziga bir bosqichdan ikkinchisiga o‘tish o‘rtasida o‘zidagi farq sezilmasligi tayin. Faqat shuni aytishim mumkinki, murabbiy sifatida o‘yinchilik davrimdagidan ko‘ra ko‘proq hissiyotlarni tuyyapman. Albatta, g‘alaba qozongan paytdagi his-tuyg‘u bilan mag‘lubiyatga uchralgan chog‘dagi tuyg‘u o‘rtasida katta farq bor. Bir so‘z bilan aytganda, hissiyotlar futbolchilik davrimdagidan ko‘ra kuchliroq.
- “Nijniy Novgorod”da binoyidek ishlab yurgandingiz. Bizga ayting-chi, iste’foga chiqarilishingiz natijalar bilan bog‘liqmi yoki buning boshqa sabablari bormi?
- Klub bilan bir yilga mo‘ljallangan shartnoma tuzgandik. Mening oldimga shunday vazifa qo‘yilgandi: jamoani diviziondan tushirmasdan saqlab qolish. Biz bu vazifani a’lo darajada uddaladik. Ammo mening “Nijniy Novgorod” bilan tuzgan shartnomam nihoyasiga etib qoldi. Aksiga olib rahbariyat men bilan hamkorlik qilishni to‘xtatishni ma’qul topdi. Ular bunday qarorlari sababini menga aytganlari yo‘q.
- Ayni paytda qanday ish bilan mashg‘ulsiz?
- Hozircha tayinli bir ish bilan shug‘ullanayotganim yo‘q. O‘tgan vaqt davomida Moskvaning “Dinamo” va TsSKA kabi klublarida amaliyot o‘tkazdim. Yokanovichning “Dinamo”da, Fedotovning TsSKAda olib borayotgan ishlarini yaqindan kuzatdim. Hozir asosan vaqtimni Rossiya chempionati bahslarini tomosha qilish bilan o‘tkazyapman. Shu bilan birga taklif tushishini kutmoqdaman.
- Shu xususida ham so‘ramoqchi bo‘lib turgandim. Ayni paytda biror-bir jiddiy taklif yo‘qmi?
- Hozircha hech qanday taklif yo‘q. Ko‘rib turibsiz, barcha ligalarda mavsum o‘zining qizg‘in pallasiga kirib ulgurgan. Har bir jamoa tarkibi to‘la shakllangan. Shunday ekan, bunday mahalda taklifning kelib tushishi dargumon.
“Yo‘ldoshevda yaxshigina potentsial bor”
- “Nijniy Novgorod”da hamyurtimiz Ibrohimxalil Yo‘ldoshevga ustozlik qildingiz. Bu o‘yinchining klubga taklif qilish borasidagi tashabbus kimdan chiqqanligini bizga aytib bera olasizmi?
- Tanish skaut menga hamyurtingiz ishtirokidagi o‘yinlar va mashg‘ulotlar tasvirga tushirilgan videoni yubordi. Uni tomosha qilar ekanman, futbolchi menga yoqib qoldi. Shunda u bilan ishlash va o‘z falsafamga ko‘ra maydonda foydalanish fikri tug‘ildi. Chunki Ibrohimxalildan to‘g‘ri foydalanilsa, undan yaxshi samara ko‘rish mumkin. Baxtimga rahbariyat ham bu futbolchini olib kelish haqidagi taklifni qo‘llab-quvvatlagan, o‘shanda.
- Yo‘ldoshevning potentsialini qanday baholagan bo‘lardingiz?
- Unda yaxshigina potentsial bor. Lekin Yo‘ldoshev o‘z ustida hali ko‘p ishlashi kerak. Shunda undan yanada zo‘r ijrochi chiqishi mumkin. Ibrohimxalil taktik va jismoniy tomondan o‘z ustida ko‘p mehnat qilishi darkor. Yuqorida aytganimdek, mana shunday ruhda ishlasa, hamyurtingizdan zo‘r ijrochi etishib chiqishi tayin.
“Sherzod Nasrullaevni jamoamga taklif qilgan bo‘lardim”
- Aleksandr Anatolevich, o‘zbek futboli bilan qiziqasizmi va u haqda nimalarni bilasiz?
- Rostini aytaman, qiziqmayman. Lekin 2010 yili “Zenit” bilan mavsumoldi yig‘inida o‘zbek futboli vakili bilan to‘qnash kelgandim. O‘sha jamoa “Bunyodkor” edi. Shuningdek, “Tom” klubida qo‘l ostimda o‘ynagan Vitaliy Denisovning hozirgi kunga kelib O‘zbekistonga qaytganidan xabarim bor. Bundan tashqari, o‘z vaqtida Oleg Pashishin bilan Vladimir Maminovning O‘zbekiston terma jamoasi uchun maydonga tushganlarini yaxshi eslayman. Shu bilan birga Yo‘ldoshev, Shomurodov va Nasrullaev kabi futbolchilaringizni bilaman. Agar “Nijniy Novgorod”da qolganimdami, Nasrullaevni albatta klubga taklif qilgan bo‘lardim.
- Siz “Nasaf”dagi Sherzod Nasrullaevni nazarda tutyapsizmi?
- Ha, aynan uni.
- U holda Nasrullaevni “Nijniy Novgorod”ga transfer qilish masalasida qanday muammolar chiqqan?
- Asosiy muammo bu paytga kelib men klubdan ketishga ulgurgandim. Shu bois ham bu o‘tish amalga oshmay qolgan.
- Demak, uni oldin kuzatgan ekansiz-da?
- Ha, Nasrullaevni kuzatib kelardim. U menga futbolchi sifatida yoqadi.
- Juda yaxshi. Shuningdek, o‘zbek futbolining afsonasi Mirjalol Qosimovni ham yaxshi bilsangiz kerak-a? U hozir AGMK bosh murabbiyi!
- Ha. Men uni texnik salohiyati o‘ta yuqori bo‘lgan futbolchi sifatida juda yaxshi eslayman. Ayniqsa, Qosimov standart vaziyatlardan juda ustalik bilan foydalanardi. Menimcha, uni nafaqat men, balki yurtimizdagi barcha ishqibozlar “Spartak-Alaniya”da namoyish etgan qoyilmaqom o‘yinlari orqali yaxshi eslashadi. “Krilya Sovetov”dan farqli ravishda Qosimov “Alaniya”da yorqin o‘yinlar namoyish etgan.
“Shomurodovning darajasini “Roma”dagi boshqa futbolchilarnikidan kam sanamayman”
- Eldor Shomurodovning Rossiya premer-ligasida ancha taniqli futbolchi bo‘lganini gapirishadi. U haqda nima degan bo‘lardingiz?
- “Rostov”da u ko‘plab gollar kiritgan holda bir mavsumni a’lo darajada o‘tkazdi. Shuning hisobiga ligada ancha tanilib qolgandi. Keyingi mavsumda esa rostovliklar “Jenoa”dan kelib tushgan foydali taklifni rad eta olmay, Shomurodovni sotib yuborishni ma’qul ko‘rishdi. “Jenoa”da ham futbolchingiz o‘zini ko‘rsata oldi va A seriyada yo‘qolib qolgani yo‘q. Shuning hisobiga bo‘lsa kerak, Shomurodovni ligadagi taniqli klublardan biri “Roma”ga pullab yuborishdi. Ammo “Roma”da unga oson bo‘layotgani yo‘q. Bilasizmi, Italiya chempionatida mashhur klublarning boshlang‘ich tarkibidan joy olish har bir futbolchi uchun juda qiyin. Chunki bunday jamoalarda talab yuqori darajada bo‘ladi. O‘tgan mavsumda “Roma” ishtirokidagi ba’zi o‘yinlarni tomosha qildim. Eldor Shomurodov asosan zaxiradan maydonga tushirildi. Shunday bo‘lsa-da, u jamoa o‘yiniga kirishib keta olishini isbotladi. Men uning darajasini “Roma”dagi boshqa futbolchilarnikidan kam sanamayman. Qisqasi, Shomurodov – juda kuchli futbolchi. U o‘zbek futboli dovrug‘ini top-ligalardan biri hisoblanadigan A seriyada namoyish etmoqda, deyishim mumkin.
- Shuningdek, rossiyalik muxlislar orasida Rossiya terma jamoasiga aynan Shomurodovga o‘xshagan hujumchi etishmayapti, degan gap-so‘zlar ham yuradi...Bu boradagi fikringiz?
- Uning potentsialini murabbiylar baholashadi. Oxirgi kezlarda Shomurodov Mourinoning qo‘l ostida to‘p surmoqda. Tashqaridan kuzatar ekanman, unda hujumchi uchun kerakli bo‘lgan barcha sifatlarni ko‘raman. Eldor bosh bilan yaxshi o‘ynaydi, to‘pga ikkala oyog‘ida zarba bera oladi. Eng asosiysi, unda jismoniy holat joyida. Texnikasi ham chakki emas. Ishqibozlarning gaplarida jon bor. Rossiya terma jamoasi uchun bunday sifatlarga ega bo‘lgan hujumchi ortiqchalik qilmasdi.
- Yaqinda Rosssiya terma jamoasi bosh murabbiyi Valeriy Karpin bilan gaplashib, undan intervyu olgandim. Suhbat davomida Karping menga Shomurodovning Italiya A seriyasidan ko‘ra Ispaniya La ligasiga ko‘proq mos tushishini gapirib berdi. Masalan, “Sevilya”ga to‘g‘ri kelishini aytdi. Siz esa ilgari ushbu klub sharafini himoya qilgansiz. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
- “Sevilya” – bu “Barselona”, “Real” yoki “Atletiko” emas. Bu klublar doim chempionlar ligasida g‘olib chiqish uchun kurashishadi. “Sevilya” esa ularning darajasida emas. Shomurodov Ispaniya Li Ligasining 4- va 8-o‘rinlarida boradigan klublar o‘yiniga mos tushsa kerak. Chunki uning o‘yinchilik potentsiali mana shunga javob beradi. Ehtimol, Valeriy Georgievich Shomurodovni mendan ko‘ra yaxshiroq bilgani uchun ham “Sevilya” klubiga mos tushishini aytgan bo‘lishi mumkin.
“O‘runovni jamoaviy emas, balki individual darajadagi futbolchi deb hisoblayman”
- Agar imkoniyat bo‘lsa, Rossiya chempionatidagi hayurtimiz - Oston O‘runovni boshqaruvingizdagi klubga taklif qilarmidingiz?
- O‘runovni aytyapsizmi?
- Ha, uni...
- Murakkab savol. Qolaversa, O‘runov maydonda men amal qiladigan o‘yin falsafasidan sal boshqacharoq harakatlanadi. Shu bois u bilan ishlash menga biroz qiyin tuyulishi aniq. Ustiga-ustak oxirgi ikki mavsum O‘runov uchun o‘ta murakkab kechdi. To‘g‘ri, debyut mavsum yomon chiqmagandi. Boz ustiga Ostonning o‘yinchilik salohiyati ham joyida. Lekin ba’zida Oston O‘runov maydonda individual harakatlariga maxliyo bo‘lib qoladi. Aksincha, futbolchi bunday kezlarda o‘zini ko‘zlashi emas, balki jamoa uchun o‘ynamog‘i shart. Agar shunday yo‘l tutsa, vatandoshingizda imkoniyat yuqori bo‘lishi tayin. Men O‘runovni jamoaviy emas, balki individual darajadagi futbolchi deb hisoblayman.
“Har qanday taklifni ko‘rib chiqishga tayyorman”
- Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savol: agar sizga O‘zbekistonda ishlashni taklif qilishsa, bunday chorlovni qabul qilarmidingiz?
- Men mana shunday taklifni ikir-chikiriga qadar obdon o‘rganib chiqqan bo‘lardim. Shu bois taklifni qabul qilardim, deya to‘liq ishonch bilan ayta olmayman. Ammo rad etishga ham shoshilmagan bo‘lardim. Chunki murabbiylarning o‘ziga xos ish uslubi bo‘ladi. Ular hammasini atroflicha o‘rganib chiqqanlaridan keyin bir to‘xtamga kelishadi. Men ham bunday istakdan mustasno emasman. Avvalo, xizmatimga qaysi klub qiziqayotganini o‘rganishim kerak bo‘ladi.
- Masalan, o‘zbek Superligasida nomi chiqqan biror klub yoki terma jamoada ishlashni taklif qilishsa-chi, qanday yo‘l tutardingiz? Bu siz uchun qiziqmi?
- Har qanday taklifni ko‘rib chiqishga tayyorman.
- Murabbiy sifatda orzuingiz qanday?
- Yaqin 5-10 yilni oldindan tasavvur qilishga odatlanmaganman. Biroq shunisi aniqki, murabbiy sifatidagi faoliyatimni bundan keyin ham davom ettirishni xohlayman. Ishlash orqali har qanday mutaxassis malakasini oshirib boradi va shuning evaziga kelajakda katta natijalarga erishishi mumkin bo‘ladi. Menda ham bu istak yuqori. O‘z sohamning ko‘zga ko‘ringan mutaxassislaridan biriga aylanishni istayman.
“Tillarda doston go‘zalliklarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman”
- O‘zbekistonga sayyoh sifatida kelishni istaysizmi? Bizda Buxoro, Samarqand, Xiva va Toshkent kabi ko‘xna shaharlar bor...
- Afsuski, shu paytgacha O‘zbekistonga borish nasib qilgani yo‘q. Lekin men bilan murabbiy sifatida ishlagan yordamchim yaqinda Toshkentga borib keldi. Shuningdek, u Samarqandga ham tashrif buyurganini aytib, o‘z taassurotlarini birga baham ko‘rdi. U shaharlar ajoyib ekanligini, lekin havor harorati juda issiqligini ham so‘zlab berdi (kuladi). Umid qilamanki, bir kun albatta O‘zbekistonga boraman va tillarda doston bo‘lgan go‘zalliklarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib qaytaman.
- Agar sir bo‘lmasa, yurtimizga kelgan yordamchingiz kimligini ayta olasizmi?
- Nega sir bo‘lsin, u Vladimir Kazakov.
- Moskvaning “Torpedo” klubida hamyurtimiz Hojimat Erkinov o‘ynashni boshlaganidan xabaringiz bo‘lsa kerak?!
- Albatta. Lekin hozircha uning o‘yinini ko‘rganimcha yo‘q. Lekin tez orada Erkinovning maydonda qanday ishlarga qodirligini ko‘rmoqchiman. Aytishlariga qaraganda, u jamoadagi ilk kunidan boshlab o‘zidan yomon taassurot qoldirmagan. Uni albatta maydonda qanday to‘p surishini ko‘rmoqchiman.
“Terma jamoangizga juda yaxshi murabbiy ustozlik qilmoqda”
- O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarini kuzatganmisiz? Endilikda terma jamoamizga ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lgan mutaxassis – Srechko Katanets ustozlik qilib kelmoqda...
- Rostini aytaman, shu paytgacha terma jamoangiz ishtirokida bo‘lib o‘tgan o‘yinlarni ko‘rmaganman. Shunday ekan, bu borda bir narsa deyishim qiyin.
- Bilasizmi, jahon chempionati final bosqichiga chiqish O‘zbekiston terma jamoasining orzusi. Hozircha biz uchun armon bo‘lib kelmoqda. Vaholanki, aksariyat hollarda termamiz so‘nggi bosqichga etib kelgan, ammo baxtga qarshi mana shunday bosqichlarda jamoamizga bitta gol yoki bir ochko etmasdan qolgan. Shundan xabaringiz bormi?
- Shomurodov Rossiyada o‘ynab yurgan kezlarida shunga o‘xshash voqealar yuz berganini eshitganim bor. Futbolchi sifatida o‘zim ham mana shunday o‘tish o‘yinlarida qatnashganim uchun buning alami qanchalik og‘ir ekanini bilaman. Lekin terma jamoangizga aynan nima etishmayotganini tushuntirib bera olmasam kerak. O‘zingiz aytganingizdek, endi termangizga juda yaxshi murabbiy ustozlik qilib kelmoqda. Agar ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, hammasi ijobiy tomonga o‘zgarishi hech gap emas. Umid qilamanki, bir kun kelib terma jamoangizning orzusi albatta ro‘yobga chiqadi.
Fikrlar