
"Menimcha, "Metallurg"ga qaytmasam kerak, chetga ketishga shoshilmayapman" - Ibrohim Ibragimov
Yurtimizda iste’dod egalari juda ko‘p. Ulardan biri sanalgan Ibrohim Ibragimov xususida ham juda iliq fikrlar yangrayapti.
Ibragimov 2023 yilning ikkinchi yarmini ijara hisobida “Olimpik”da o‘tkazdi. Ungacha esa “Metallurg” sharafini himoya qilib kelayotgandi.
Huquqiy tomondan ham futbolchi bekobodliklarga tegishli. Biroq 2024 yilda iqtidorli yarim himoyachi bu yilgi mavsumni boshqa klubda o‘tkazmoqchi.
- Ibrohimjon, 2023 yilni "Metallurg"da boshlab, "Olimpik"da tugatdingiz. Bu yil sizga nimasi bilan ko‘proq yodda qoldi? Nimadan ko‘nglingiz to‘ldi va to‘lmadi?
- 2023 yil men uchun juda ajoyib o‘tdi. Katta tajriba to‘pladim. Oldinga qarab o‘sdim, deb o‘ylayman. Esda qolarli lahzalar ko‘p bo‘ldi. Osiyo o‘yinlarida qatnashib, uchinchi o‘rinni oldik. O‘zbekiston chempionatida yaxshi qatnashdik, “Metallurg”da ham, “Olimpik”da ham. Gollar urdim va sermahsul o‘yin ko‘rsatdim. 24 ta uchrashuvda maydonga tushdim. 2023 yilgi mavsum menga juda omadli keldi, deb o‘ylayman. Qolaversa, 4 ta gol ham urdim. Eng esda qolarligi “Navbahor”ga urgan golim bo‘ldi, o‘zimga ham juda yoqdi.
- Adashmasam, "Metallurg" bilan yana amalda shartnomangiz bor. Yangi mavsum uchun esa sizga bir qator klublar jiddiy qiziqayotgandi. Xo‘sh, 2024 yilni qaysi jamoada boshlaydigan bo‘ldingiz?
- Yangi mavsum haqida gapiradigan bo‘lsam, “Metallurg” bilan bir yillik shartnomam bor. Lekin, menimcha, “Metallurg”ga qaytmasam kerak. Chunki boshqa jamoalar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Bu jarayon davom etyapti, Xudo xohlasa, yangilik bo‘lib qoladi. Qolgani “Metallurg”ga bog‘liq. Klublar transfer narxlarini kelishib olsa, bemalol sotib olishsa bo‘ladi.
- Siz singari iqtidor egalariga chetdan ham takliflar bo‘layotgani tabiiy holat. Jumladan, sizga xorijdan qiziqishlar borligi haqida eshitgandim. Aynan qaysi mamlakatdan chorlovlar bor va o‘zingizni legioner sifatida sinab ko‘rishga tayyorman deb ayta olasizmi?
- Hozircha chet elga shoshilmayapman. Variantlar chiqdi. Baribir amalda shartnomam ham bor. Hozircha xorijda o‘ynashga unchalik ishtiyoqim yo‘q. Bu yil O‘zbekiston olimpiya terma jamoasida muhim o‘yinlarimiz bor. Maqsadimiz Olimpiadaga chiqish. Keyin barchasi asta-sekin bo‘ladi, hali xorijda to‘p surishga ulguramiz.
- Aynan "Navbahor"ga qarshi siz bilan bog‘liq qiziq voqealar bo‘ldi. Birinchi davrada Namanganda "Metallurg" safida qizil kartochka oldingiz. Ikkinchi davrada esa "Olimpik" safida gol urdingiz. Buni qanday izohlaysiz?
- Birinchi davrada “Metallurg” tarkibida “Navbahor”ga qarshi uchrashuvda qizil kartochka olganman. Yoshlik qilibmi, unchalik tajribam kamligigami, provokatsiyaga uchrab qizil kartochka oldim. Bu menga katta dars bo‘ldi. Xudoga shukr, ikkinchi davrada o‘sha klubga qarshi uchrashuvda yuzim yorug‘ bo‘lib, gol urishga erishdim. Bundan xursandman.
- "Navbahor" klubining sizga qiziqayotgan klublar orasida taklifi jiddiy ekani rostmi?
- Yo‘q, jiddiy emas.
- 2024 yilda oldingizga qo‘ygan asosiy maqsadingiz nima?
- 2024 yildagi eng katta maqsadimiz Olimpiadaga chiqib, O‘zbekistonga oltin medalni olib kelish.
- Oxirgi savol! O‘zbekistonda siz o‘ynashni istaydigan klub qaysi?
- “Paxtakor” bilan “Nasaf”.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar