Messi va Ronaldу, ana endi ikkаlаng hаm Husаnovgа tаn bеringlаr!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov 2026 yildgi jahon chempionatining eng tezkor futbolchilari orasiga kirdi.
Futbol olamining eng nufuzli musobaqasi hisoblangan mundial bosh tashkilotchisi FIFA o‘z rasmiy sayti orqali Shimoliy Amerikaning uch mamlakati - AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qilgan bu galgi turnirning statistik tahlillari natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, 22 yoshli Abduqodir Husanov jahon chempionati doirasidagi uchrashuvlardan birida soatiga 36,46 kilometr tezlikda yugurgani qayd etilgan. Aynan shu ko‘rsatkich natijasida Husanov musobaqaning eng tez futbolchilari umumiy reytingida oltinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, Abduqodir markaziy himoyachilar orasida eng tez yugurgan uch futbolchidan biri sifatida ham e’tirof etildi.
Umumiy ro‘yxatda birinchi pog‘onaga Frantsiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe joylashdi. U qayd etgan maksimal tezlik — soatiga 37,61 kilometrni tashkil qildi. Kuchli uchlikka, shuningdek, shvetsiyalik hujumchi Entoni Elanga (37,16 km/soat) va Niderlandiya milliy terma jamoasi himoyachisi Mikki van de Ven (36,77 km/soat) ham kirdi.
Tezlik bo‘yicha Abduqodir Husanov guruh baxsida o‘zi bilan to‘qnashgan Krishtianu Ronaldu va finalda o‘ynagan Lionel Messi kabi yulduzlarni ancha ortda qoldirdi. Portugaliya va Argentina terma jamoalari yetakchilari hatto jahon chempionatidagi eng tezkor 500 nafar futbolchi qatoridan ham o‘rin ololmadi.
Qiziqishi shundaki, reytingning birinchi o‘ntaligida 2026 yildgi jahon chempionati finaliga chiqqan Ispaniya va Argentina terma jamoalaridan biror futbolchi yo‘q.
Turnir davomida Husanov maydonda jami 27 912 metr masofani bosib o‘tdi va 93 marta sprint amalga oshirdi.
O‘zbekiston terma jamoasi esa o‘zining debut jahon chempionatini guruh bosqichida yakunlagan bo‘lsa-da, Abduqodir Husanovning o‘yini milliy jamoaning eng yorqin voqealaridan biriga aylandi. U turnirdagi barcha uchrashuvlarda maydonga tushib, barqaror va yetuk o‘yin namoyish etdi.
Husanovning ko‘rsatkichlari o‘zbek futboli uchun tarixiy natija hisoblanadi. Ilk bor o‘zbekistonlik futbolchi jahon chempionatining asosiy statistik ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchilar safidan o‘rin oldi.
Husanov tezlik, ishonchli himoya va hujumlarni boshlash mahoratini uyg‘unlashtirgan holda dunyoning eng kuchli himoyachilari bilan teng raqobatlasha olishini isbotladi.

Fikrlar