
Messi va Ronalduning Toshkentga kelishi, Rossiyadagi legionerlarimiz va Abramov o‘rniga Katanetsning tanlangani - Ravshan Ermatov xorij nashriga katta intervyu berdi
Rossiyaning taniqli nashrlaridan biri bo‘lgan “Sport-Ekspress” sayti jurnalisti Igor Rabiner O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bilan intervyu tashkil etdi. Bir qancha mavzularni o‘z ichiga olgan ushbu suhbatni O‘FA media bo‘limi o‘zbek tilida taqdim etdi. Biz suhbatning eng qiziqarli joylarini e’tiboringizga havola qilishni maqsad qildik.
— Bir paytlar “o‘zbek Messisi" deb atalgan, Moskvaning “Lokomotiv”iga o‘tishi atrofida juda g‘alati voqea sodir bo‘lgan Jasur Jaloliddinov qanday?
"Jasur haqiqatan ham juda iqtidorli futbolchi, lekin, nazarimda, u ham jismonan, ham ruhiy jihatdan kuchli bo‘lishi kerak edi. Rossiyada u o‘rganib qolgan futboldan boshqacha, ancha qattiqroq va zichroq futbol o‘ynashadi. O‘tgan mavsumni shu erda, Andijonda o‘tkazgan bo‘lsa, hozir Olmaotaning “Qayrat” klubida Qurbon Berdiev qo‘l ostida o‘ynamoqda. Murabbiy unga ishonadi, u haqida ijobiy gapiradi. Jaloliddinov hozircha har doim ham asosiyga tushavermaydi. U ulkan salohiyatga ega va faqat to‘xtamasdan ishlashda davom etishi kerak".
— Aytgancha, haqiqiy Messi haqida. U ham, Krishtianu Ronaldu ham Toshkentga kelganini o‘zbek futboli muzeyida ko‘rdim. Bu qanday sodir bo‘ldi?
"Bu O‘zbekistonda futbol tashviqoti harakatlari edi. Messi, Ronaldu va boshqa ko‘plab jahon futboli yulduzlari biz bilan master-klasslar o‘tkazishdi. Yigitlarimiz ularni o‘zlari kabi inson ekanligini, futbolda hamma narsaga erishish mumkinligini his qilishlari uchun federatsiya bu tadbirlarni tashkil qildi. Ular bilan uchrashuvlarda yoshlar jamoalari bo‘ldi, matbuot anjumanlari tashkil etildi, akademiyalarda yulduzlar yosh futbolchilarimiz bilan uchrashdi".
— Men Messining qor bilan qoplangan mashg‘ulot stadionida tushgan suratini ko‘rdim.
"Ha, ha. O‘sha kuni qor yog‘di va Lionel uchun bu g‘ayrioddiy edi. Ammo unga ob-havoga mos ekipirovka berildi va u futbol o‘ynashga kirishib ketdi".
— Hozirgi o‘zbek futbolini “Bunyodkor”ga Ziko va Skolari murabbiylik qilgan, Rivaldo o‘ynagan davrlardan farqli o‘laroq “boy” deb bo‘lmaydi.
"Men bunday demagan bo‘lardim. Ammo pul bo‘lganda ham undan oqilona foydalanish kerak. Birinchidan, infratuzilmani tartibga solish, murabbiylar malakasini oshirish, bolalar futbol akademiyalarini rivojlantirishga sarmoya kiritish kerak. Shunda taraqqiyot bo‘ladi, barqarorlik va natijalar keladi. Agar pul faqat kattalar jamoalariga sarflansa, unda “past”ning rivojlanishi uchun mablag‘ etarli bo‘lmaydi. Biz hamma narsani to‘g‘ri tashkil qilishimiz kerak. Shunda bir marta tasodifan qatnashib, keyin yana 25 yil davomida g‘oyib bo‘ladigan tarzda emas, balki eng yaxshi turnirlarda doimiy qatnashadigan holatga kelamiz".
— O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor uchinchi saralash bosqichiga ham chiqa olmadi. Nima bo‘ldi?
"Futbol assotsiatsiyasi bu juda baxtsiz o‘yin uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Biz jarohatlar yoki boshqa sabablarni sabab qilib ko‘rsatish mumkin emasligini tushunamiz. Tan olamanki, ko‘p yillardan buyon shunday natijaga erishmoqdamiz. Afsuski, terma jamoaga o‘yinchilar tanlash imkoniyati cheklangan. Bu yuqori darajadagi futbolchi va sifatli murabbiylarning etishmasligi, o‘z navbatida, sifatli murabbiylik ta’limining yo‘qligi natijasidir.
Shu bois, hozir O‘zbekistonda murabbiylik ta’limiga alohida e’tibor qaratilmoqda, bundan tashqari, birinchi marta O‘zbekiston terma jamoalari uchun o‘zimizning “Do‘stlik” markazimiz quriladi.
O‘zbekistondek davlatda terma jamoadagi har bir o‘rin uchun kamida 5-6 nafar futbolchi kurash olib borishi kerak. Lekin, afsuski, futbolchilar o‘rtasida etarlicha raqobat yo‘q. Shu bois, biz nafaqat murabbiylar shtabida o‘zgarishlar qildik, balki chuqurroq narsalarda – murabbiylik ta’limi, bolalar futboli, umuman, tashkiliy jihatdan ko‘p narsani qayta ko‘rib chiqdik".
— Terma jamoani Vadim Abramov o‘rniga sloveniyalik Srechko Katanets boshqaradigan bo‘ldi. Nega aynan u?
"Biz Katanetsni yaxshi o‘rgandik. U katta tajribaga ega – Sloveniyani Jahon va Evropa chempionatlariga olib chiqqan, Osiyo futbolini yaxshi biladigan, Birlashgan Arab Amirliklari va Iroq terma jamoalariga ustozlik qilgan murabbiy hisoblanadi. Juda printsipial va talabchan mutaxassis. U chinakam professional kadrlarga — yordamchilardan tortib fizioterapevtlargacha ega. Nomzodlar ko‘p edi, lekin murabbiylar kengashi uning variantida to‘xtadi".
— Abramovga qadar terma jamoani mashhur argentinalik Ektor Kuper boshqargan. U Osiyo chempionatining 1/8 finaliga chiqdi va 2022 yilgi jahon chempionati saralashining birinchi o‘yinida, O‘zbekiston Falastinda mag‘lub bo‘lgach, ishdan bo‘shatildi.
"Murabbiylar kengashimizga ko‘ra, Kuper terma jamoaga qo‘ymoqchi bo‘lgan o‘yin o‘zbek futboli mentalitetiga to‘g‘ri kelmaydi. Futbolchilarga uning talablariga moslashish qiyin bo‘ldi. Aksariyat uchrashuvlarda Kuper himoyaviy o‘ynashga harakat qildi. Bu jamoatchilikka ham, mutaxassislarga ham, futbolchilarga ham yoqmadi. Shu bois, murabbiylar kengashi taklifiga ko‘ra, u bilan shartnomani bekor qilishga qaror qilindi".
— Keling, Shomurodovga qaytaylik.
"Evropaning kuchli beshlik chempionatlaridan birida to‘p tepgan birinchi futbolchimiz terma jamoa va uning muxlislarining umidi, u har doim bizning qutqaruvchimiz bo‘la oladi. U muntazam ravishda terma jamoa safida gol uradi, yaqinda o‘tkazilgan “Navruz Cup”da Qirg‘iziston va Ugandaga qarshi ikkita o‘yinda to‘rtta gol urdi. Murabbiylar shtabi va jamoatchilik undan mamnun".
— “Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino “Yuventus”dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin uni shaxsan o‘zi tanqid qilganida xafa bo‘ldingizmi?
"Ha. Murabbiy o‘z o‘yinchilarini oshkora tanqid qilishi tarafdori emasman. Menimcha, bu ichki masala bo‘lishi kerak".
— Shomurodov yo‘lini takrorlay oladigan yosh futbolchilar bormi?
"Undaylar ko‘p, lekin ismlarini aytmoqchi emasman. Hamma maqtovni yaxshi ko‘radi, lekin maqtov bir qulog‘idan kirib, ikkinchisidan chiqishi kerak. Haqiqatan ham biror narsaga erishganlarida maqtashga vaqtimiz bo‘ladi.
Menimcha, o‘zbek futbolining salohiyati shundayki, bizda o‘nlab Qosimovlar, Ahmedovlar, Shomurodovlar, Masharipovlar bo‘lishi kerak. So‘nggi yillarda esa bolalar va yoshlar bilan ishlashni shunday yo‘lga qo‘yishga harakat qilyapmizki, besh yildan so‘ng top ligada O‘zbekistondan ko‘plab futbolchilarni ko‘rish mumkin bo‘ladi. Hozirda Eldorning o‘zi haqida hujjatli film suratga olyapmiz, bu ko‘plab yosh futbolchilarimizga ilhom berishi kerak, chunki ularda ba’zida ishonch yo‘qoladi".
— Yosh iqtidor egalaridan biri Oston O‘runov “Spartak”da o‘ynay olmadi. Bu haqda nima deb o‘ylaysiz?
"O‘runov hali yosh futbolchi va o‘ylaymanki, Rossiya chempionati unga jangchi xarakterini shakllantirishga yordam beradi. Engil jarohati bor ko‘plab futbolchilar jamoaga kerakligini tushunib, maydonni tark etishmaydi. O‘ylaymanki, vaqt o‘tadi va Oston unga katta umid bog‘langanini tushunadi.
O‘zbekistonlik yosh futbolchilarga etishmaydigan yana bir jihatga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Shaxsan men psixologlar bilan ishlashni zarur deb bilaman. Jahon chempionatlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan hakamlar doimo shunday qilishadi. 2010 yilda bizga Ispaniyadan ikkita juda malakali psixolog yordam berdi. Ochilish o‘yiniga tayyorgarlik jarayonida ular bilan nihoyatda qizg‘in ishladik. Janubiy Afrikaning tribunalarda o‘ziga xos xususiyatlari bor, vuvuzelalarni eslasangiz kerak. Ulardan shunday ovoz eshitildiki, yaqinlashishning iloji yo‘q! Bir-birimizni uzoqdan eshitmasdik, hatto televizorda ham ular tufayli o‘yin ko‘rish noqulay edi.
Ammo ular mendan bu bilan qanday kurashganimni, bu mening kontsentratsiyamga qanday xalaqit bermasligini so‘rashganda, men ularni umuman eshitmaganimni birdan angladim! O‘yindan keyin o‘zim o‘yladim — buni qanday qilish mumkin, qanday qilib begona shovqindan butunlay uzilsa bo‘ladi. Javobim — bu faqat psixologlarning xizmatlari".
— Assotsiatsiyaga, O‘zbekiston terma jamoasiga psixologlarni jalb qilmoqchimisiz?
"Terma jamoaga kelsak, buni doim murabbiylar shtabi hal qiladi. Agar bosh murabbiy psixolog zarur deb topsa, qidiramiz. Yoshlar va yoshlar darajasida hozir bizda psixologlar ishlamoqda. Yana bir narsa shundaki, malakali sport psixologlari juda kam. Bunday mutaxassis o‘yinchi, hakam o‘yin oldidan o‘zini qanday his qilishini, hayajon qo‘rquvga aylanib qolmasligi uchun uni qanday engish kerakligini tushunishi kerak. Bizda iqtidorli, ammo psixologik jihatdan beqaror futbolchilar ko‘p. Shuning uchun biz bu borada xalqaro darajadagi turnirlarda birozgina qoqilamiz".
— 2014 yilda o‘zbek an’analariga ko‘ra, ota-onangiz bilan birga yashayotganingizni aytgan edingiz.
"Ha, hali ham shunday. Ota-onamni hech kimga ishonmayman. (Tabassum qiladi.) Bizda shunday an’ana borki, o‘g‘illardan biri doimo ular bilan yashaydi, ularga g‘amxo‘rlik qiladi. Qanday qilib alohida yashashni tasavvur ham qila olmayman".
— Siz esa Shomurodovga o‘xshab ularga “siz” deb murojaat qilasizmi?
"Ha. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas".
— Ko‘ryapmanki, siz hali ham ajoyib sport formadasiz.
"Harakat qilyapman. Ortiqcha vazn deyarli yo‘q. Ammo doimiy ravishda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish mumkin emas, vaqt muammo. Biroq shunday bo‘lsa-da, haftasiga ikki marta sport zaliga boraman".
— O‘zbekistonda taomlar juda mazali va o‘z o‘rnida yog‘li. Shu sababli bu erda vaznni saqlash ayniqsa qiyin.
"Men hakam bo‘lganim uchun doimo ovqatlanishda o‘zimni cheklashga va dietologlar maslahatiga amal qilishga harakat qildim. Chunki doimiy ravishda o‘zbek taomlarini iste’mol qilsangiz, shakl va vaznni saqlab bo‘lmaydi. Shuning uchun, hozir ham hech qanday qiyinchiliklar yo‘q. Men rejimga amal qilaman, bu hayot tarzim. Lekin O‘zbekistonda gastronomiya juda mazali, bu haqiqat! Bu haqda hamma gapiradi va biz bundan faxrlanamiz".
— Tez-tez palov eb turasizmi?
"Haftada bir marotaba. Lekin har kuni eyishni xohlayman — u juda mazali!"
— Xorijlik hamkasblaringizni palov bilan mehmon qilganmisiz?
"Doimiy! Xorijlik hakamlar O‘zbekistonga kelish uchun navbatda turishibdi!"
O‘FA matbuot xizmati
Fikrlar