
Miftaxutdinov boshchiligida yig‘inga kirishgan "Bunyodkor" dastlabki kuni futzal jamoasi bilan bellashdi
Xabar berganimizdek, bugundan “Bunyodkor” Marat Miftaxuddinov murabbiyligida yangi mavsum uchun tayyorgarlikni boshladi.
“Bunyodkor” akademiyasining yopiq zalida o‘tkazilgan ilk kungi mashg‘ulotlarda quyidagi futbolchilar ishtirok etdi: Sarvar Karimov, Akobir Qayumov, Lutfulla To‘raev, Shahboz Erkinov, Xurshid G‘iyosov, Nurillo To‘xtasinov, Abdulla Abdullaev, Mirjahon Mirahmadov, Farrux Ikromov, Rasul Yo‘ldoshev, Ibrohim Ibragimov, Suhrob Izzatov, Sunnatilla Abdullajonov, Abdulaziz Abdusalomov, Valeriy Akopov, Muhammadodil Qahramonov.
Yig‘inning ilk kuni engil mashqlar bilan boshlandi. Quvnoq kayfiyatda o‘tkazilgan mashg‘ulotlardan so‘ng, “Bunyodkor”ning futzal jamoasi bilan har bir bo‘limi 10 daqiqadan iborat o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazildi. Murabbiylar shtabi har besh daqiqada yangi tarkibning xizmatidan foydalandi.
Dastlab tarketga Sarvar Karimov, Lutfulla To‘raev, Shahboz Erkinov, Xurshid G‘iyosov, Nurillo To‘xtasinov, Abdulla Abdullaev chiqdi. Aytish kerak, aynan shu tarkib faolligi va futzalchilarimizdan ustunligi bilan ajralib turdi. Hisobni Lutfulla To‘raevning individual harakatlari evaziga amalga oshirilgan hujum ortidan Nurillo To‘xtasinov ochdi.
Shundan keyin tarkib to‘liq yangilandi va tarketga Akobir Qayumov, Mirjahon Mirahmadov, Farrux Ikromov, Rasul Yo‘ldoshev, Ibrohim Ibragimov va Suhrob Izzatov tushdi. Bu futbolchilarimiz ham futzalni qoyillashtishlarini ko‘rsatishdi. Hisob 2:0 ga o‘zgardi. Gol muallifi Suhrob Izzatov. Birinchi bo‘lim shu hisobda yakunlandi.
Tanaffusdan so‘ng tarketga uchinchi tarkib tushdi. Sarvar Karimov, Sunnatilla Abdullajonov, Abdulaziz Abdusalomov, Valeriy Akopov, Ulug‘bek Abdullaev, Muhammadodil Qahramonov. Futzalchilarimiz esa, ikkinchi bo‘limni ancha faol boshladi. Natijada Umidjon Zayniddinov, Davron Valijonov, Shahriyor Mirzakarimov gollari evaziga futzal jamoamiz hisobda oldinga chiqib oldi – 2:3. Hisob o‘zgargach, murabbiylar shtabi yana tarkibni yangiladi. Sarvar Karimov, Lutfulla To‘raev, Shahboz Erkinov, Xurshid G‘iyosov, Nurillo To‘xtasinov, Abdulla Abdullaev oltiligi yana ustunlikni qo‘lga oldi hamda so‘nggi daqiqalarda hisob tenglashdi. Birinchi golda individual mahoratini namoyish qilgan Lutfulla To‘raev bu safar ham o‘zini ko‘rsatib, o‘yin 3:3 hisobida yakunlanishini ta’minladi.
Shu tariqa yangi mavsumga tayyorgarlikning birinchi kungi mashg‘ulotlari yakunlandi, - deya xabar berdi, “Bunyodkor” matbuot xizmati.
Fikrlar