
Millatlar Ligasining premer-ligaga salbiy ta’siri. Ushbu musobaqa kerakmi?
Angliya premer-ligasi 2020/21 yilgi mavsumi Angliya kubogi, superkubogi va Millatlar Ligasidan keyin start oladi. Bu o‘yinlar yangi mavsum uchun qanchalik ta’sir qilishi mumkin?
Ortda qolgan va yangi mavsumlar oralig‘ida 6 hafta muddat jamoalarga dam olish uchun ajratilgan. Evrokuboklarda ishtirok etgan klublarga esa qo‘shimcha vaqt beriladi.
Angliya Superkubogi 29 avgust
Avgust oyining so‘nggi kunlaridayoq, bizga super o‘yin kafolatlangan. Angliya superkubogida “Arsenal” va “Liverpul” maydonga tushadi. “Kanonirlar” bu bahsga Angliya kubogi egalari sifatida tashrif buyursa, mersisaydliklar uzoq kutilgan APL g‘olibi maqomida muhtasham “Uembli”ga etib keladi. Oy boshida Arteta o‘z shogirdlari bilan aynan shu stadionda “Chelsi”ni mag‘lub etib, sovrinni o‘zlariniki qilgan edi. Bu safar raqib biroz jiddiyroq. Klopp jamoasini Avstriyadagi mavsumoldi yig‘inlarga jalb etgan va ular premer-liga yakunidan keyin xotirjam dam olayotgan edi. Bu bahs ularga yangi mavsum oldidan qizishib olish imkoniyatini taqdim etadi. Bu turnir tarixi 1 asrdan ziyodroq vaqtga borib taqaladi. Ya’ni, ilk marta 1908 yilda o‘tkazilgan superkubok bahslarining maqomi biroz katta.
Millatlar Ligasi 3-8 sentyabr
Odatda, Angliya superkubogidan biroz o‘tib, milliy chempionat ham start olishi lozim edi. Ammo bu yil emas! Premer-liga va Angliya kubogidan avval Millatlar Ligasi turnirining navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tadi. Klub qarorgohida yangi mavsum uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan futbolchilar bir nechta o‘yin o‘tkazish uchun terma jamoa yig‘inida jam bo‘lishadi. Shundoq ham kelayotgan yilda 3 ta katta sport bayrami o‘z navbatini kutmoqda. Olimpiya o‘yinlari, “Evro-2020” va "Kopa Amerika". Bunday yuqori darajadagi turnirlar oldida Millatlar Ligasi qay darajada kechiktirib bo‘lmas?
Angliya Kubogi 5 sentyab
Millatlar Ligasi ilk turlari o‘tayotgan bir vaqtda Angliya kubogi bahslari ham bo‘ladi. 70 ta ingliz klubi shu kuni o‘z o‘yinini o‘tkazadi. Evrokuboklarda ishtirok etadigan barcha jamoalar “Liverpul”, “Manchester Siti”, “Manchester Yunayted”, “Chelsi”, “Lester”, “Tottenxem” hamda “Arsenal” klublari bu musobaqani 3-raunddan boshlaydi. Qolgan APLning barcha jamoalari esa 2-bosqichdan turnirga qo‘shiladi.
Premer-liga 12 sentyab
Va nihoyat, premer-liga 12 sentyabr kuni start oladi. Bu mavsum saviyasi bir jihatdan biroz xavf ostida turibdi. Ya’ni, aksariyat yulduzlar o‘z terma jamoalari bilan xalqaro maydonda ancha kuch yo‘qotib qaytadi va yangi mavsum startida ehtimoliy jarohatlar, toliqqan futbolchilar, natijada zerikarli o‘yinlar ko‘rishimiz mumkin. Millatlar Ligasida ikkinchi o‘yinni 8 sentyabr kuni o‘tkazadigan istalgan futbolchi 4 kundan keyin jamoasi safiga yuqori formada qaytishi qiyin. “Chelsi” va “Vulverxempton” jamoalari Evropa Ligasida ishtirok etganligi uchun 2 kun keyin APL birinchi turini o‘tkazishadi. Manchester shahrining ikki vakili ham qachon o‘zlarining ilk o‘yinlarini o‘tkazishi hali noma’lum.
Millatlar Ligasining salbiy ta’siri
Bu turnir halqaro uchrashuvlar va premer-liga oralig‘ida o‘ziga kelib olishi kerak bo‘lgan katta klub futbolchilari imkoniyatlarini keskin kamaytiradi. Misol uchun, Angliya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Garet Sautgeyt Millatlar Ligasi uchun e’lon qilgan tarkibidan grand klublarning bir nechta asosiy futbolchilari joy olgan. MYu tarkibidan Markus Reshford, Aaron Uan-Bissaka, Xarri Maguayr va Meyson Grinvud kabi futbolchilar Evropa Ligasida ham bir necha o‘yin o‘tkazdi va yaqingacha turnirda ishtiroklarini davom ettirayotgan edilar. Faqatgina, 16 avgust kuni “Sevilya”dan uchralgan mag‘lubiyat Sulsher shogirdlarining musobaqani tark etishiga sabab bo‘ldi.
Hamshaharlari safida ham bir qator etakchilarga dam olish imkoniyati zarur. Raxim Sterling, Jon Stounz, Kayl Uoker hamda Fil Foden kabi futbolchilar turli muammolarga duch kelishi turgan gap. Ular Angliya terma jamoasining Islandiya va Daniya termalariga qarshi uchrashuvlari uchun qaydnomasidan o‘rin olgan.
Millatlar Ligasi uchun qaydnoma e’lon qilgan yana bir jamoa Ispaniya safidan ham bir necha APL klublarining asosiy tarkib futbolchilari o‘rin olgan. De Xea, Kepa Arrisabalaga, Rodri, Adama Traore, Erik Garsiya va Ferran Torres kabi futbolchilar milliy jamoa tarkibida Germaniya hamda Shveytsariya termalariga qarshi o‘ynashini hisobga olsak, ular hech qanaqasiga kuch tejay olishmaydi.
“Tottenxem” klubi esa 48 soat oralig‘i bilan ketma-ket ikkita o‘yinda maydonga tushishiga to‘g‘ri keladi. “Shporlar” 17 sentyabr kuni Evropa Ligasida o‘z yurishlarini ikkinchi kvalifikatsiya bosqichidan boshlaydi. Garchi, bu bosqich 1 ta o‘yindan iborat bo‘lsa-da, Maur shogirdlari haftasiga ikkita o‘yin o‘tkazishlari mumkin. Bunday bosim bor paytda esa o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘rniga tashkil etilgan Millatlar Ligasi futbolchilarni holdan toydirishi hech gap emas.
Klublarni oldinda shunday taqvim kutib turibdi:
17 sentyabr Evropa Ligasi;
20 sentyabr Premer-liga;
22 sentyabr Angliya kubogi;
24 sentyabr Evropa Ligasi;
27 sentyabr Premer-liga;
29 sentyabr Angliya kubogi;
1 oktyabr Evropa Ligasi;
4 oktyabr Premer-liga.
Biz Millatlar Ligasining salbiy ta’sirini faqat Angliya chempionati misolida keltirdik. APL jamoalarining keng tarkibga egaligi, futbolchilar saviyasi yuqori ekanligini hisobga olsak ham baribir Millatlar Ligasi biroz halal berayotgandek. Yuqorida ta’kidlanganidek, bunday tig‘iz taqvimda futbolchilarning jarohat olish ehtimoli yanada ortadi. Kevin De Bryuyne, Pol Pogba, Markus Reshford, Jeyms Meddison, Xarri Keyn kabi yulduz futbolchilar yaqin yillar ichida turli darajadagi jarohatlar bilan deyarli APLning yarim mavsumini o‘tkazib yuborganligini guvohi bo‘lganmiz. Bunday xunuk holatlar yana takrorlanishini hech kim istamasligi aniq.
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar