Mirjalol Qosimov: "Bir tomondan Andijonda o‘ynash oson emas, ikkinchi tarafdan esa oson"
“Andijon” – OKMK (1:2) oʻyinidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar ustozi Mirjalol Qosimov ishtirok etdi.
- Albatta, qiziqarli oʻyin kutayotgandik, shuning guvohi boʻldik. Bir tomondan Andijonda oʻynash oson emas. Ikkinchi tarafdan esa oson. Negaki, bu yerda futbolni yaxshi koʻrishadi, ishqibozlari juda koʻp. Yigitlarga shuni taʼkidlagandim va qoʻyilgan vazifani toʻgʻri bajarishdi. Birinchi boʻlimda yaxshi harakatlanib, oxir-oqibat qilingan mehnatimizni ikkita gol bilan koʻrdik. Ikkinchi boʻlimga keladigan boʻlsak, oxirgi 20-25 daqiqadan keyin hisobni ushlab qolish baribir ruhan taʼsir qiladi. Bu ham oxirida pand berib qoʻyishi mumkin edi. Futbol 90 daqiqa oʻynaladi. Gʻalaba qozonganimizdan xursandmiz. Keyingi oʻyinga tayyorgarlik koʻramiz.
- Oʻyin oxirlarida himoyachi Shahzod Toirovni ham maydonga tushirilishi hisobni saqlab qolish uchunmidi?
- Albatta. Bundan oldingi uchrashuvni ham koʻrib chiqqandik. “Andijon” jamoasi uzun uzatmalar bilan oʻynaydi va boʻydor oʻyinchilari bor. Shuning uchun oxirida uchta markaziy himoyachi bilan harakat qildik. Darvozamizga juda yaqin oʻynashdi. Shu narsa taʼsir koʻrsatdi. Ikkinchi boʻlimni 20-25-daqiqasigacha yaxshi vaziyatlar bor edi, pressing ham qilinayotgandi.
- Jamoadagi yaponiyalik legionerlar oxirgi paytlarda asosiy tarkibda maydonga tushishmayapti. Buni sababi nimada?
- Bizda ikkita yapon bor. Birinchidan, rotatsiya. Ari koʻp oʻynayotgandi. Ikkinchidan, oʻzgartirdik va ikkita tayanch yarim himoyachi bilan oʻynadik. Bu yerda ochiq futbol oʻynab boʻlmaydi. Endi keyingi uchrashuvga tayyorgarlik koʻriladi. Taqqvim juda ham zich. Jismonan tezroq tiklanish kerak. Shu bois ham oʻyinchilarni almashtirib-almashtirib oʻynatyapmiz, hozircha. U yogʻini vaqt koʻrsatadi.

Fikrlar