Mirjalol Qosimov: "Keyingi safar 12 kishi bo‘lib, maydonga tushamiz. Shunda ikki tomonda ham tenglik bo‘ladi"

O‘zbekiston Superligasi 26-turidan o‘rin olgan "Navbahor" - AGMK uchrashuvi nihoyasiga etdi. Unda mezbonlar 3:1 hisobida zafar quchdi.

Bellashuvdan so‘ng har ikkala jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Quyida "konchilar" ustozi Mirjalol Qosimovning fikrlari bilan tanishib chiqing: 

"Avvalambor, assalomu alaykum! "Navbahor"ni 2-o‘rin bilan tabriklaymiz! Muxlislar uchun ajoyib o‘yin bo‘ldi. Bahs qiziqarli bo‘ldi va kutilmagan gollar ham kuzatildi. 

3-daqiqada bir kishi kam bo‘lib qolishimizni hisobga olmagan ekanmiz. Bu narsa biz uchun katta dars bo‘ldi. Ruslarda shunday gap bor: "Bir asr yashasang, shuncha vaqt o‘rgan". 

Biz g‘alaba uchun maydonga tushgan edik. Ammo har doim ham siz o‘ylagan narsa sodir bo‘lavermaydi. Qizil kartochka o‘yin tizginini tubdan o‘zgartirib yubordi.

Shunga qaramay, men echinish xonasida yigitlarga minnatdorchilik bildirdim. Ular qaddini baland tutgan holda maydonni tark etishlari mumkin. Jamoa oxirigacha mardlarcha kurashdi. 

Avvalo, futbol - muxlislar uchun! O‘yinga kelgan tomoshabinlar o‘zlari istagan narsani ko‘ra olishdi. Olmaliqlik ishqibozlarni xafa qilmaslikka harakat qildik. 

Bizda hech qanday bosim yo‘q edi. 3-o‘ringa ham chiqa olmasdik. Ortimizdan kelayotgan jamoaning tenglashib olishi ham imkonsiz edi. 

Bu futbol, unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, yigitlarga rahmat aytib qolaman. 

Kelasi mavsumga tayyorgarlik ko‘ramiz. Biz ham "Navbahor" singari OChL saralash bosqichida o‘ynaymiz. Halqaro musobaqada Olmaliq sha’nini munosib himoya qilib, muxlislarimizni xursand qilishni maqsad qilganmiz.

- Penaltidan urilgan birinchi golga munosabatingiz qanday?

- Yuqorida aytib o‘tdim. Hamma narsaga tayyor ekanmiz-u, ilk daqiqalardan bir kishi kam bo‘lib qolishimiz hayolimizga kelmabdi.

Keyingi safar 12 kishi bo‘lib, maydonga tushamiz. Shunda ikki tomonda ham tenglik bo‘ladi (kuladi). Xokkeyda ham bir o‘yinchini 2 daqiqaga chiqib turishi ancha jiddiy ta’sir o‘tkazadi. 

- Mutaxassis sifatida bu yilgi chempionatga qanday baho berasiz? Hozir hamma turlicha fikrlar bildirmoqda...

- Unday gaplar bo‘laveradi. Rostan gapingiz o‘rinli. Bu yilgi mavsum o‘ta qiziqarli o‘tdi. Bunaqasi hali bo‘lmagandi. 

Yuqori o‘rinlar uchun ham, elitada qolish uchun ham intriga avjida edi. To‘g‘risini aytsam, chempionat juda qiziqarli kechdi. 

"Olimpik" bu mavsum "kuchli oltilik" jamoalarga imkoniyatni boy bermadi. Faqatgina AGMK Kapadze jamoasiga 6 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Buning qanday siri bor?

- Buning alohida bir siri yo‘q. Bu futbol. Boshqa jamoalar haqida nimadir deya olmayman. Chetdan turib gapirish oson. Ular to‘g‘risida bashorat qilish yoki xulosa chiqarishni istamayman. 

"Olimpik"ka keladigan bo‘lsak, birinchi davrada mag‘lub bo‘ldik. Ikkinchi bahsda 6:0 ga yutgan bo‘lsak ham buni tushuntirib bo‘lmaydi. 

Kichkina epizod hamma narsani ag‘dar-to‘ntar qilib yuborishi mumkin. "Olimpik" bilan o‘yinda Anzur yiqilib tushdi va uning xatosini Botirali Ergashev yopib ketdi. Aks holda, barchasi butkul o‘zgarib ketishi mumkin edi. 

Shuning uchun buni "millionlar o‘yini" deyishadi. Unda siz kutmagan hodisalar juda ko‘p bo‘ladi. 

- "Navbahor"ning bu mavsumdagi ishtirokiga qanday fikr bildira olasiz?

- Ijobiy fikr bildiraman, albatta. Klub bejizga kubok finaliga yo‘l olmadi. Natija nuqtai-nazaridan ular yaxshi mavsum o‘tkazishdi. Tajribali va malakali futbolchilardan iborat jamoa shakllangan. 

Jamoa 2-o‘rinni egalladi va o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajardi. Ular yomon taassurot qoldirmadi menda. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!