
Mirjalol Qosimov: "Muxlislarimizni g‘alabaga o‘rgatib qo‘yganimizdan keyin bunday natija ko‘rsatmasligimiz kerak"
Superliganing 14-turidagi so‘nggi o‘yin Olmaliqda OKMK va “Surxon” klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Qiziqarli kechgan uchrashuvda OKMK o‘z maydonida raqibiga 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Bellashuvdan so‘ng OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.
- To‘g‘risini aytsam, tushunarsiz. “Realizatsiya” yo‘q, imkoniyatlarimiz boricha harakat qildik. Buning sababchisi “Surxon” va bu jamoa intizomli futbol ko‘rsatadi. Kutilmagan qarshi hujumlardan foydalanib ketadi. Bugun shu narsa bo‘ldi. Shuncha vaziyatlar yaratdik. Ammo ulardan foydalanish borasida oqsoqlanish bor. Mashg‘ulotlarda ishlayapmiz. To‘rtinchi o‘yindirki, gol ura olmayapmiz. “Buxoro” bilan uchrashuvda o‘zimiz gol urmadik, avtogol edi. Muxlislarimizdan uzr so‘rayman. Ular doim bizni qo‘llab-quvvatlashyapti. Bu vaziyatga o‘zimiz tushdik va o‘zimiz chiqib ketishimiz kerak. Chetdan hech kim yordam bermaydi. Qanday qilib gol o‘tkazib yubordik? O‘yinni ko‘rib, tahlil qilib, to‘g‘rilashga harakat qilamiz.
- To‘xtaxo‘jaev va O‘lmasaliev bu uchrashuvda maydonga tushishmadi. Yana bir himoyachi Sardor Rahmonov klubni tark etgan. Majburiy rotatsiyalar qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?
- Aytyapman-ku, imkoniyatlardan foydalanish borasida oqsayapmiz. Ta’kidlaganimdek, “Surxon” intizomli himoyalanadi. Yorib kirish ham og‘ir. U qadar ko‘p vaziyatlar ham bo‘lmaydi. Lekin imkoniyatlardan samarali foydalanish kerak. Shunda ularni qandaydir hujumga majbur qila olamiz. Gol o‘tkazganimizdan keyin xohlaymizmi-yo‘qmi, hujumga o‘tganimizda qarshi hujumdan foydalanib ketishi osonroq. Shuning uchun ham shunaqa vaziyatlar bo‘ldi. Golga yaqin keldik. Ko‘rinib turibdiki, yigitlar xohlashyapti, shijoat bor.
- Deyarli zaxira o‘rindig‘idan turmadingiz. Bunga sabab nima? Jamoani yomon natijalari shunga majbur qildimi?
- Nimaga turmadim? Sizlarga shunday ko‘rinishi mumkin. O‘yin davomida baribir miya aylanadi. Yigitlarga nisbatan ko‘proq bosim o‘tkazib yubormadim, degan ma’noda ham o‘zimni ushlashga harakat qildim. Nimagaki, bu vaziyatdan chiqib ketish va yutish kerak deyilaverganidan so‘ng shunaqa fikr ham kelib qoldi. Ko‘proq bosim o‘tkazib yubordimmi, shuni oqibatida xotirjamlik yo‘qolib, shoshqaloqlik ustun bo‘ldimi?! Shu narsa ham bo‘ldi, ammo albatta yigitlar bilan birga edim.
- OKMKni 1,5 – 2 oy oldingi sport formasi bilan hozirgi holati o‘rtasida qanchalik farq bor?
- Menimcha, FIFA kuni bizga katta ta’sir qildi. Qolaversa, yoshlar terma jamoasiga borgan o‘yinchilarimdan qoniqmadim. Islomni o‘ziga ham aytdim, eyforiya, ko‘p energiya yo‘qotadi. Uni tiklash uchun ma’lum vaqt kerak. Bu ham ta’sir qildi. Tezroq birinchi davra bilan ikkinchi davra orasiga chiqishimiz kerak. To‘g‘ri xulosa chiqarib, ikkinchi davraga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim. Haqiqatan ham ishqibozlarimizni o‘rgatib qo‘yganmiz, o‘zimiz sababchimiz. O‘rgatib qo‘yganimizdan keyin bunaqa natija ko‘rsatmasligimiz kerak. Yana yuqoriga harakat qilaverishimiz darkor. O‘ylaymanki, bu holatdan o‘tamiz. Yana yaratilgan imkoniyatlardan foydalanamiz. “Realizatsiya” qaytadi. O‘yinchilarimiz yana eski maqomiga qaytadi.
- Umuman olganda, jamoani hozirgi “krizis” paytida ruhiy muammolar bormi? Futbolchilar ham yuta olmayotganiga qayg‘urishyaptimi?
- Qayg‘urishyapti. Ko‘zga ko‘rinmagan holda baribir shu narsalar ham ta’sir qiladi. Ichidan nima o‘tayotganini o‘zlari bilishadi. Shunga qaramay, ayrimlari qo‘lini siltab tushirishi mumkin. Qancha qo‘shib bersa ham oxirigacha kurashish zarur. Kuchi qolmagan taqdirda ham hisobni tenglashtirish uchun oxirigacha harakat qilishdi. Aytganimdek, imkoniyatlardan foydalanishda oqsoqlanyapmiz. To‘p darvozaga kirmayapti, omad biz tomonda bo‘lmayapti.
- Futbolchilarni mag‘lubiyatdan keyin ham himoya qilyapsizmi?
- Baqir-chaqir bilan ish bitmaydi. Xato qilmaydigan insonni o‘zi yo‘q. Futbolda ham xuddi shunaqa. Lekin qilingan xatodan to‘g‘ri xulosa qilish kerak. Yaxshi o‘yinchi bugun xato qilgan bo‘lsa, ertaga buni qaytarmasligi lozim. Bundan xulosa chiqarishi kerak. Shuni tushuntirishga harakat qilamiz. Video ko‘rsatamiz. Men ham hammasini miyamda saqlay olmayman. Avvalo, o‘yinni tahlil qilib, shu narsani to‘g‘ri etkazish kerak. Ammo shijoat bor. “Surxon” jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman.
Fikrlar