MMA jangchisi: Jalolovni yutish uchun “iflos boks”ni qo‘llang!
Xitoyning Xanchjou shahri mezbonlik qilayotgan yozgi Osiyo o‘yinlarining boks musobaqasida eng ko‘p muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozonadigan jang o‘ta og‘ir vazn toifasida o‘zbekiston Bahodir Jalolov va qozog‘istonlik Qamshibek Kunkaboev o‘rtasida bo‘ladi.
Har ikki bokschi bellashuvlarga ikkinchi bosqichdan qo‘shilib, finalga qadar ikkitadan raqibni mag‘lub etdi. Qamshibek Bahrayn sharafini himoya qilayotgan Danis Latipov hamda Hindistondan kelgan Berval Narender ustidan bir xil – 5:0 hisobida zafar quchdi.
Bahodir Jalolov esa, tojikistonlik Muhammad Abroriddinovni birinchi raundda, xitoylik Danabeke Bayikevuzini birinchi raunddauyoq mag‘lubiyatga uchratib, finalga yo‘llanma oldi.
5 oktyabrga belgilangan finaldan oldin Qozog‘istonning Sports.kz sayti sportchi va mutaxassislarning jangga oid fikrlarini e’lon qildi.
Boks bo‘yicha Qozog‘iston terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Qayrat Satjanov:
Finalda Qamshibekka juda qiyin bo‘ladi. Bu raqiblar o‘zaro ko‘p marotaba to‘qnash kelgan va bir biri bilan yaxshi tanish.
Birinchi navbatda, Kunkaboev psixologik tomondan o‘zini qo‘lga olishi, his-hayojonni engishi va ishtiyoqini oshirishi kerak. Jangda ilk soniyalardan tashabbusni o‘z qo‘digi olishi talab etiladi. Lekin bu raqibga tashlanish kerak, degani emas. O‘zbek bokschisiga o‘z jang usulini o‘tkazish muhim.
Raqibdan o‘zib ketishga ishlash kerak, chunki Qamshibek Bahodirdan tezkorroq. Raqib xato qilishi uchun uning jahlini chiqarish lozim. Kunkaboev bu jangda eng avvalo o‘zini o‘zi engishi, hayajonini bosib olishi shart. Unga g‘alaba tilaymiz.
MMA jangchisi Kuat Xamitov:
Jalolov chapaqay, baland turib jang qiladi. Jang davomida “iflos boks”ni qo‘shing, ikki marta yon tomondan zarba berib, darroq klinchga kiring va g‘alaba sizning qo‘lingizda.
Ta’kidlash joizki, har ikki bokschi o‘z faoliyatida ilk bor Osiyo o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Bahodir Jalolov shu kunga qadar sport olamining barcha nufuzli musobaqalarida bosh sovrinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. O‘zbek pahlavoni 2020 yili Tokio Olimpiadasida barcha raqiblarini engib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
2015 yili Dohadagi jahon chempionatida uchinchi o‘rinni egallagan hamyurtimiz 2019 yili Ekaterinburgda va 2023 yili Toshkentdagi mundiallarda oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Bahodir uch marta Osiyo chempioni hisoblanadi.
Qamshibek Kunkaboev 2020 yilgi Olimpiya o‘yinlarini uchinchi o‘rinda yakunladi. 2017 va 2019 yilgi jahon chempionatlari finalida qatnashib, kumush medal bilan kifoyalandi.
Qamshibek to‘rt bor Osiyo chempionatining finaliga chiqib, har gal raqiblariga imkoniyat bergan va kollektsiyasiga yana to‘rtta kumush medal qo‘shib qo‘ygan.
Kunkaboev xalqaro maydondagi yagona chempionligini 2014 yili Qozog‘istonda harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempiontida qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov va Qamshibek Kunkaboev shu kunga qadar o‘zaro 9 marotaba to‘qnash kelgan. O‘zaro bellashuvlardan oltitasida Bahodir va uchtasida Qamshibekning qo‘li baland kelgan.
Bahodir Jalolovga butun Qozog‘iston qarshi birlashadi
Fikrlar