
MOQga belgiyalik taniqli sport sharhlovchisi va FIFA agenti tashrif buyurdi
Bugun Evropada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan belgiyalik taniqli sport sharhlovchisi va FIFA agenti Per Migisha Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi. Mehmonni O‘zbekiston MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov kutib oldi, deya xabar bermoqda MOQ matbuot xizmati.
Xorijlik mutaxassis sportimizda olib borilayotgan islohatlarni yuqori baholab, o‘zining iliq fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Bir Olimpiadada 13 ta medal olish har qanday davlatga ham emas. So‘nggi Olimpiadada sizlar erishgan bunday natija O‘zbekistonda sportning yuksak rivojlanayotganidan dalolat beradi. Futbol terma jamoangiz ham o‘z o‘rniga ega. O‘ylaymanki, JChga chiqishda biroz xalqaro tajriba etishmayapti. Umuman kelishimdan maqsad ham shu – O‘zbekistonda yirik sport tadbirlarini o‘tkazishda, futbol bo‘yicha terma jamoangizning katta jamoalar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil qilishda yordam berish. Qolaversa, jahon sporti yulduzlari bilan uchrashuvlar tashkil qilish, turli sport bo‘yicha murabbiylar uchun seminarlar va o‘quv-dasturlarini uyushtirishdagi tajribamni ham ulashmoqchiman”, – dedi Per Migisha.
Shu o‘rinda MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov ham mehmonning yaxshi niyatda o‘z xizmatlarini taklif etayotgani uchun minnatdorchilik bildirib o‘tdi.
“Avvalo, yurtimiz sportiga bo‘lgan qiziqishingizdan xursandmiz. Darhaqiqat, futbol haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ikki kun muqaddam bizning OTJ Tokio Olimpadasiga yo‘llanma beruvchi Osiyo chempionatining final bosqichiga chiqdi. Futbolni yanada rivojlantirish uchun ko‘plab milliy federatsiyalar bilan hamkorlik olib bormoqdamiz. Bu borada Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi, Qatar futbol assotsiatsiyalari bilan memorandum imzolangan. Ko‘hna qit’aning boshqa mamlakatlari bilan aloqalarni yaxshilash va bunday kelishuvlarga tezroq erishish uchun sizning yordamingiz as qotadi, albatta”, – dedi Jasur Matchanov.
Fikrlar