Moʻynoq yosh polvonlar bahsiga mezbonlik qildi

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Joriy yilning 16–19 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani belbog‘li kurash bo‘yicha kichik o‘smirlar (U13) o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatiga mezbonlik qildi.

O‘zbekiston Respublikasi sport vazirligi hamda Respublika belbog‘li kurash federatsiyasining yillik- taqvim rejasidagi ushbu  musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va mamlakatimizning barcha viloyatlaridan 300 nafarga yaqin iqtidorli yosh polvonlar ishtirok etdi.

Chempionatning tantanali ochilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi. Unda ishtirok etgan mutasaddilar musobaqa ishtirokchilarini qutlab, omad tilashdi. Shundan so‘ng bellashuvlarga start berildi.

Musobaqada o‘g‘il bolalar belbog‘li kurashning erkin va klassik yo‘nalishlari bo‘yicha 13 ta vazn toifasida, qizlar esa erkin yo‘nalish bo‘yicha 9 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib borishdi. To‘rt kun davom etgan qizg‘in va murosasiz bahslarda yosh polvonlar o‘zlarining yuqori tayyorgarligi, mahorati hamda g‘alabaga bo‘lgan intilishlarini namoyon etdishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida Andijon jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Namangan viloyati jamoasi egallagan bo‘lsa,  Farg‘ona viloyati hamda Qoraqalpog‘iston  jamoasi uchinchi o‘ringa munosib, deb topildi.

Chempionat yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Mazkur musobaqa yoshlar o‘rtasida belbog‘li kurashni yanada ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va ularning sport mahoratini oshirishga xizmat qildi.

Ilhom RAHMONOV tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!