Muҳammad Saloҳ transferi barbod bo‘ldi
Kutilmagan vaziyat yuzaga keldi
Turkiyaning «Beshiktosh» klubi futbol bo‘yicha direktori Ondyor Ozyon misrlik hujumchi Muhammad Salohni jamoaga olib kelish ehtimoli yuzasidan izoh berdi. Uning so‘zlari beIN SPORTS Türkiye telekanali orqali e’lon qilindi.
- Muhammad Saloh — dunyo miqyosida tan olingan yulduz. Uning xalqaro nufuzi juda yuqori. Muzokaralarning dastlabki bosqichida men va Vinsentso Italyano uch marotaba Muhammad Saloh bilan suhbatlashdik. Biroq 21 iyuldan boshlab kuzatilgan ijobiy sur’at keyinchalik sekinlashdi, — dedi Ozyon.
Uning ta’kidlashicha, «Beshiktosh» rahbariyati hozircha Saloh transferi bo‘yicha ishlarni to‘xtatib turish qarorini qabul qilgan.
- Prezidentimiz qaerda to‘xtash kerakligini juda to‘g‘ri baholadi va shu pozitsiyada qoldi. U ommabop, populist qaror emas, balki real vaziyatdan kelib chiqqan holda qaror qabul qildi va hozircha muzokaralardan chetga chiqdi.
Muhammad Saloh bilan bog‘liq masala biz uchun hozircha orqa planga surildi, — deya qo‘shimcha qildi Ozyon.
Avvalroq ommaviy axborot vositalarida «Beshiktosh» yozda «Liverpul»ni tark etgan, 33 yoshli hujumchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun harakat qilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Turk klubi futbolchi bilan shartnoma shartlari yuzasidan muzokaralar olib borgan, ammo tomonlar hozircha kelishuvga erisha olmagan.

Izohlar (0)