
Muhsin Nizomiddinov: "Hujumda yoshlarga imkoniyat berdik, endi golni his qiladigan, tajribaliroq hujumchi olamiz"
Bugun pro liganing 13-turida “Do‘stlik” hamda “Qo‘qon-1912” jamoalari 1:1 hisobida durang o‘ynadilar. Uchrashuvdan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Muhsin Nizomiddinov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Kurashlarga, vaziyatlarga boy o‘yin bo‘ldi. Imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Agar ana shu imkoniyatlardan foydalanganimizda o‘yin natijasi boshqacha bo‘lardi.
- “Do‘stlik”ni oxirgi natijalaridan kelib chiqib jamoangizda bu raqibni bemalol yutamiz, degan o‘y bo‘ldi, shekilli va katta temp bilan o‘ynashmadi.
- Superliga o‘yinlarini ham ko‘ryapmiz. Ob-havo isigan, yuqori tempda to‘p surish qiyin. Futbolchilar ham inson va ular ham charchashyapti. Temp bugungi havoga yarasha bo‘ldi. Lekin tempimiz yaxshi edi. Bu mensimaslikda emas, sifat etishmasligida. Siz bu narsani qanaqa tushunasiz? Masalan, futbolchilar havoni issiqligiga qaramay g‘alaba uchun oxirigacha yugurishyapti. Faqat klass etishmayotgani evaziga futbolchi qaerdadir xato qilib qo‘yyapti, o‘ylagan kombinatsiyamiz chiqmay qolyapti.
- “Qo‘qon-1912” 5-o‘ringa tushib qoldi. Iste’fo haqida o‘ylamayapsizmi?
- Buni rahbariyat hal qiladi. Ko‘ramiz, Xudo xohlasa yana ishlashda davom etamiz.
- Doniyor Ismoilovni ikkinchi taymda maydonga tushirganingizdan keyin o‘yin yaxshi bo‘ldi. Nimaga birinchi bo‘limdan tushirmadingiz?
- Har bir murabbiyni o‘yinoldi rejasi bo‘ladi. Shu rejamiz bo‘yicha Shaxzod Beshimovni tayyorlagandik. Havo issiq, ko‘proq birinchi bo‘limda to‘pni nazorat qildik. Shunga yarasha 3-4 ta imkoniyat yaratdik. Ikkinchi bo‘limga Doniyor Ismoilovni saqlab qo‘ygandik. Unda tezlik bor. Raqib jamoa charchaganida u yanada chopardi. Bugun shu narsa o‘xshadi. Faqat unga ham gol etishmadi.
- Hakamlik bo‘yicha nima deysiz?
- Hakamlik yaxshi. O‘zimiz xato qildik. Ko‘rdinglar, 5-6 ta yaqqol vaziyatlarimiz bor edi, urganimizda bo‘ldi, edi.
- Yozgi transfer oynasi vaqtida nechta futbolchi olib kelishni rejalashtiryapsiz va qaysi pozitsiyalarga?
- Himoyaga, o‘rtaga va hujumchi. Har bir uchrashuvda qator vaziyatlarimiz bo‘lyapti. Hujumchimiz foydalana olmayapti. Oldingi chiziqda tajribaliroq, golni his qiladigan o‘yinchini olamiz. Yoshlarga imkon berdik va birinchi davrada ularni ko‘rib oldik. Ularni darajasi shunday bo‘lyapti, qo‘sha olmayapti. Agar o‘yiniga qo‘shganida har bir o‘yinda 3 ochkodan olgan bo‘lardik. Gollarimiz etishmayapti. Pozitsiyaga qarab tarkibni kuchaytiramiz.
Fikrlar