"Muradov_professional_Liga"sida bonuslar mavjudmi yoxud qanday nominatsiyalar o‘rin olgan?

  • 18 oktabr, 2021, 12:49
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • MMA
CHERY AUTO

Ma’lumki, 22 oktyabr kuni poytaxtimizda UFC jangchisi Mahmud Muradov tomonidan asos solingan "Muradov_professional_Liga" promoushenining ilk turniri tashkil etiladi. Mazkur promoushenda bir qator yurtimizning ko‘zga ko‘ringan jangchilari bilan bir qatorda xorijdan taklif etilgan MMA ustalari ham oktagonga ko‘tariladi. 

Albatta, ushbu promoushen jangchilarni qaysi jihatlari bilan o‘ziga tortgan va bu turnirda qanday qulayliklar mavjud, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Biz bunga oydinlik kiritish maqsadida mazkur promoushenning mas’ul vakillaridan biri, iste’dodli murabbiy Jasur Alijonovga bir qator qiziqtirgan savollarni yo‘lladik. 

- Ushbu turnir fayt-kardini tanlashda qanday omillar inobatga olindi?

- Bilasizmi, birinchi navbatda, yurtimizda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan va salohiyati yuqori jangchilarni taklif qildik. Shuningdek, xorijdan ham o‘ziga xos rekord egalari bilan hamkorlik qilishni maqsad qildik va qaysidir ma’noda buni amalga ham oshirdik. Janglar yuqori saviyada bo‘lishi uchun debyutantlarga ham yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan raqiblarni tanlaganligimizni ham aytib o‘tishimiz mumkin. Umuman olganda, bu boshlanishi va biz yanada bu promoushenni rivojlantirish maqsadidamiz.

- Jangchilarga qanday shartnoma taklif qildinglar? Demoqchimanki, dastlabki turnirdayoq chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritish mumkinmi?

- Ba’zilariga bitta, o‘zimiz ishongan va kelajagidan umid qilganlarimizga esa 4 ta jang uchun shartnoma taklif qildik. Ushbu turnirda o‘zini ko‘rsata olgan, bitta jang uchun taklif qilinganlarga yana ko‘proq imkoniyat beramiz. To‘g‘risi, chempionlik kamarlari uchun janglarni 4 yoki 5 turnirlarimizda ko‘rishingiz mumkin. 

- Odatda, har bitta promoushenning o‘ziga xos qonun qoidasi mavjud bo‘ladi. Misol uchun, Rossiyaning ACA promoushenida  apellyatsiya berishi mumkin emas. "Muradov_professional_Liga"da qanday? 

- Ochig‘i, bu borada xozir menda aniq ma’lumot yo‘q. 

- Aytingchi, hakamlik qanday bo‘ladi? Eshitishimizga qaraganda hakamlar xorijdan tashrif buyurishar ekan?

- Albatta, "Bellator", ACA kabi promoushenlarda faoliyat yuritayotgan tajribali mutaxassislarni taklif etganmiz?

- Ular orasida mashhurlaridan kimlarni ayta olasiz?

- Bu borada ham to‘liq ma’lumotga ega emasman. Lekin bunga tez orada oydinlik kiritiladi. 

- Yana bir qiziqarli jihat, ushbu turnirda bonuslar mavjudmi?

- Albatta, "Eng chiroyli nokaut" va "Eng yaxshi jangchi" nominatsiyalariga bonus ajratiladi. 

- Bonus miqdori aniqmi?

- Bonus borligi ma’lum. Biroq miqdor borasida shoshilmagan bo‘lardim. Albatta, bunga javobgar shaxslar buni yaxshi biladi. 

- Ma’lumotlar uchun tashakkur va o‘z o‘rnida turnirni ajoyib tarzda tashkil qilasizlar, degan umiddamiz!

- E’tibor uchun katta rahmat va barcha muxlsilarni 22 oktyabr kuni kutib qolamiz!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!