Nakamura Sindarov va Gukesh to‘qnashuvida kim yutishini aytdi
Amerikalik grossmeyster Hikaru Nakamura 2026 yildgi FIDE jahon chempioni unvoni uchun bo‘ladigan hal qiluvchi bahs oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Ushbu uchrashuvda Hindiston sharafini himoya qilayotgan Gukesh Dommaraju va O‘zbekiston terma jamoasi yetakchilaridan biri, dovyurak grossmeyster Javohir Sindarov to‘qnash keladi, deb xabar bermoqda Almightychess.
- Menimcha, Gukesh hozircha jiddiy bosimni his qilayotgan yo‘q. Ko‘pchilik undan mag‘lubiyat kutyapti, Sindarov esa go‘yo matchda to‘liq ustunlik qiladi, degan qarash bor. Ammo agar Gukesh o‘zi jahonga namoyish etgan o‘sha yuqori sport formasini — saralash bahslari va undan oldingi turnirlardagi o‘yinni — yana topa olsa, g‘alaba qozonishi mumkin, deb hisoblayman.
Shuningdek, u ruhiy tayyorgarlik ustida ishlab, atrofdagi shov-shuv va bosimdan uzila olsa, ko‘pchilikni hayratda qoldiradi, — deya ta’kidlagan 2016 yildgi shaxmat Olimpiadasi g‘olibi Nakamura.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yildgi shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvoni uchun match amaldagi chempion Dommaraju (Hindiston) va da’vogar Sindarov (O‘zbekiston) o‘rtasida Jeneva shahrida (Shveytsariya) o‘tkaziladi.
Bahslar 22 noyabrdan 12 dekabrgacha davom etadi.
Tashkiliy rejaga ko‘ra, ochilish marosimi 22 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Birinchi klassik partiyani o‘z ichiga olgan asosiy o‘yin dasturi 24 noyabrdan start oladi. Agar asosiy partiyalardan so‘ng g‘olib aniqlanmasa, tay-breyk 12 dekabr kuni o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Fikrlar