“Nasaf" futbolchilari Qamashida(foto)

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Qamashi tumanidagi 4-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari 2018 yilning 8 fevral ertalabdan sabrsizlik bilan tashrifi kutalayotgan mehmonlarni kutishmoqda. Va nihoyat mehmonlarning avtobusi ko‘rindi. Tarbiyalanuvchilar, ayniqsa, o‘g‘il bolalarning quvonchini ko‘rsangiz, qalbingizda o‘zgacha tuyg‘ular paydo bo‘ladi. Mana shunday sharafga erishishning o‘zi katta baxt. Bunga faqat va faqat mehnat bilan erishiladi.

O‘zbekiston Oliy ligasida o‘tgan mavsumda kumush medallarni qo‘lga kiritgan Qarshining “Nasaf” jamoasi bugungi kunda nafaqat vohada balki yurtimiz bo‘ylab ko‘plab muxlislariga ega jamoa hisoblanadi. Ularning mehribonlik uyiga tashrifi Qamashi tuman futbol ixlosmandlarini va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini juda ham xursand qildi.  Ayniqsa, ular orasida yaqinda yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan terma jamoa safida to‘p tepgan futbolchilarning borligi tadbirning yanada ko‘tarinki bo‘lishiga xizmat qildi.

Mehribonlik uyida tashkil qilingan tadbir davomida “Nasaf” jamoasining murabbiy va futbolchilariga  ularning ashaddiy muxlislari o‘zlarining qiziqarli savollarini berishdi. Tarbiyalanuvchilar sevimli “Nasaf” jamoasi bilan esdalik uchun surat ham tushishdi.

Shundan so‘ng, mehribonlik uyida mashg‘ulotlarni olib borayotgan  Qamashi tuman Bolalar va o‘smirlar sport maktabining futbol to‘garagi  yosh futbolchilardan iborat jamoa “Nasaf” jamoasiga qarshi  o‘zaro o‘yinda maydonga chiqdi. O‘rtoqlik tarzida uyushtirilgan uchrashuv yorqin lahzalarga boy bo‘ldi. O‘yin davomida tarbiyalanuvchilar sevimli jamoasi posboni qo‘riqlagan darvozaga ikki bor to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lishdi. Ushbu qiziqarli “master klass” uchrashuvi yosh futbolchilarga olam-olam quvonch olib keldi.

“Nasaf” jamoasi a’zolari mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga mustahkam sog‘lik, hayot yo‘llarida muvafaqqiyatlarga erishishlarini tilagan holda,  imzolari tushirilgan maxsus to‘plar va futbolkalarni esdalik uchun topshirishdi. Tadbir so‘nggida  mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o‘zilarining ajoyib  kuy va qo‘shiqlari bilan mehmonlarga bayram kayfiyatni ulashdi.    

"Shuni ta’kidlash joizki,   “Nasaf ” jamoasining mehribonlik uyiga tashrifi  bu erda tarbiyalanayotgan bolajonlarga  quvonch, samimiylik va ko‘tarinki kayfiyat olib kelgani uchun bosh homiy “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ  direktori  va “Nasaf ” PFK klub prezidenti  Iskandar Umarovga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman", - deydi 4-sonli mehribonlik uyi direktori Gulbahor Hamidova.

"Umid qilamanki, mehribonlik uylarida bunday yuqori saviyadagi bayramona  tadbirlarni tashkil etayotgan  tashkilotchilar bolajonlarning qalbida kelajakka bo‘lgan  ishonchni uyg‘otishmoqda", - dedi mehribonlik uyi ma’naviy-ma’rifat ishlari bo‘yicha  direktori o‘rinbosari  Ro‘ziboy Abdiev. Ishonch xissi – bu har bir insonni yashashga va kelajakka talpinishga undaydi.

Faxriddin Choriev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!