
“Nasaf” futbolchilari talabalar bilan uchrashuv o‘tkazishdi
Stadionlarga muxlislar tashrifini oshirish, keng jamoatchilikning milliy futbolimiz va chempionatimizga bo‘lgan qiziqishini orttirish maqsadida O‘zbekiston Professional futbol ligasi bir qator loyiha va tashabbuslarni amalga oshirmoqda.
Yil boshidan buyon Superliga klublari futbolchilari va murabbiylari tez-tez Oliy ta’lim muassasalariga va boshqa o‘quv yurtlariga tashrif buyurib, talaba yoshlar bilan uchrashuv hamda suhbatlar tashkil etishmoqda.
O‘zPFL Muxlislar bilan ishlash va ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazish bo‘limi vakillari tashabbusi bilan bugun Qarshidagi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida “Nasaf” futbol klubi a’zolari va talablar o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Qiziqarli suhbat va savol-javob tarzida kechgan uchrashuvda “Nasaf” jamoasi futbolchilari – Doniyor Narzullaev, Bobir Abduxoliqov, Akmal Mozgovoy va Oybek Bozorov, shuningdek, klub matbuot xizmati va marketing bo‘limlari, muxlislar bilan ishlash bo‘limi vakillari ishtirok etishdi. Futbolchilar talablarni qiziqtirgan savollarga bafurja javob qaytarishdi.
Shuningdek, klub marketing bo‘limi vakillari “Nasaf” tomonidan muxlislar uchun yaratilayotgan qulayliklar, talabalar uchun chiqarilgan arzon abonementlar hamda klub attributikalarini past narxlarda sotib olish mumkin ekani haqida so‘zlab berishdi.
Bunday uchrashuvlar yurtimizning barcha hududlarida yil davomida tashkil etib boriladi.
Fikrlar