
"Navbahor" - "Andijon" o‘yini "Paxtakor" - "Lokomotiv" uchrashuvini ortda qoldirdi. Ammo katta farq bilan emas
2-4 iyul kunlari Superligada 12-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Natijalar bilan saytimiz orqali xabar berib bordik.
Endi esa turga oid qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etmoqdamiz. Ya’ni an’anamizga sodiq qolgan holda tur muxlislari statistikasini tanishtiramiz.
Bu gal stadionlarimizga jami 17844 tomoshabin tashrif buyurdi. Har bir bellashuvga o‘rtacha 2549ni tashkil qiladi.
Eng ko‘p muxlis Namanganda. “Navbahor” – “Andijon” bahsini 4731 odam shohidiga aylandi. Vodiy derbisini Namangan va Andijondan shuncha ishqiboz stadiondan tomosha qildi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan daqiqalarning oxirgisida mehmonlar gol urib, tarixiy g‘alabaga erishdi. Sababi "burgutlar" ilk bor Namangandan 3 ochko bilan qaytdi.
Odatda, bu jamoalar ishtirokidagi bellashuvlarni ancha ko‘p muxlis kuzatardi. Biroq kunlarning isib ketishi yoki natijalarning yomonlashgani ishqibozlar tashrifiga ta’sir o‘tkazgandek.
Eng kam ishqiboz Olmaliqda. "Surxon" stadion "projektor"lari bilan bog‘liq muammo tufayli uy o‘yinini Olmaliqda o‘tkazdi. Avvalgi turda "Paxtakor"dan 4 ta gol o‘tkazib yuborgan termizliklar bu safar “Bunyodkor”dan 5 ta to‘p qabul qilib olishdi. Gollarga boy uchrashuvni 355 ishqiboz shohidi bo‘ldi.
"Paxtakor" - "Lokomotiv" ishtirokidagi Toshkent derbisiga 2300 tomoshabin keldi. Qarshidagi yana bir markaziy bellashuvni 2852 ishqiboz tomosha qildi. Keskin kurash, gol, tortishuvlar, futbolchilarning o‘zaro kelishmovchiligi, inobatga olinmagan gol va VAR aralashgan haqiqiy qarama-qarshilik. Muxlislar ushbu jarayonlarni boricha stadionda kuzatishdi.
E’tiborlisi, "Qizilqum"ning natijalari bilan birga muxlislar borasidagi statistikasi ham ko‘tarilib bormoqda. Bu gal Hamidjon Aktamov shogirdlarining uy o‘yinini 2419 tomoshabin tomosha qildi.
Quyida Superliganing ushbu turiga tashrif buyurgan muxlislar statistikasi bilan tanishing (muxlislar soni PFL saytidan olindi):
"Navbahor" - "Andijon" 0:1. 4731 tomoshabin
"Turon" - "Metallurg" 2:0. 3953 tomoshabin
"Nasaf" - "So‘g‘diyona" 1:0. 2852 tomoshabin
"Qizilqum" - "Mash’al" 2:0. 2419 tomoshabin
"Paxtakor" - "Lokomotiv" 2:1. 2300 tomoshabin
AGMK - "Qo‘qon-1912" 2:1. 1234 tomoshabin
"Surxon" - "Bunyodkor" 1:5. 355 tomoshabin
Fikrlar