
"Navbahor" yangi murabbiy boshchiligida ilk o‘rtoqlik o‘yinida g‘alabaga erishdi
O‘rtoqlik o‘yini
“Navbahor” – “Xorazm” – 1:0 (1:0)
Namangan. “Markaziy” stadioni. 725 tomoshabin.
Hakamlar: Isroiljon Imomnazarov, Islomjon Nosirov, Azizbek Zokirov.
Nazoratchi: Fayzullo Hasanov.
Gol: Giorgi Nikabadze (27).
“Navbahor”: Aleksandr Lobanov, Siyavash Haqnazari, Odiljon Hamrobekov, Jamshid Iskanderov, Filip Ivanovich, Jamshid Boltaboev, Giorgi Nikabadze, Yovan Jokich, Dostonbek Abdulhaev, Farrux Sayfiev, Abrorbek Ismoilov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Islomjon Abdullaxonov, Asadbek Jo‘raboev, Alijon Alijonov, Sherzodbek Abdulboriev, Davronbek Olimjonov, Abror Karimov.
“Xorazm”: Mashhurbek Muhammadjonov, Anasxon Mamatxo‘jaev, Ravshan Sultonov, Jasur Otajonov, Sherzod G‘ulomjonov, Temur Ismoilov, Murod Bobojonov, Bobur Qosimov, Bobur Farhodov, Farrux Ibragimov, Abror Xusinov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Oybek Nurmatov, Bobur Sobirov, Amirbek Komilov, Javlon Malikov.
Xabar berganimizdek, davralar oralig‘idagi tanaffus paytidan unumli foydalanish, futbolchilarning jismoniy formalarini maromida saqlab turish maqsadida, “Navbahor” Pro liga vakili, taniqli mutaxassis Hakim Fuzaylov murabbiylik qilayotgan Urganchning “Xorazm” jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi.
Yangi murabbiy Sergey Lushan boshqaruvidagi mazkur ilk nazorat o‘yinida namanganliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.
Ushbu gol borasida to‘xtaladigan bo‘lsak, mezbonlarning navbatdagi hujumidan so‘ng, Jamshid Boltaboev to‘pni darvozaga yo‘lladi. To‘pni urganchliklar darvozaboni Mashhur Muhammadjonov qaytardi. Qaytgan to‘p esa raqib jarima maydonchasi ichidagi Giorgi Nikabadzega kelib tushdi. Gruziyalik hujumchi aniq va kuchli zarba yo‘llab, darvozani aniq nishonga oldi – 1:0.
O‘z navbatida, mazkur uchrashuv davomida mehmonlarning mezbonlarga munosib qarshilik ko‘rsatishga harakat qilishgani, birinchi bo‘limda “lochinlar” posboni Aleksandr Lobanov ikki marta urganchliklar hujumini bartaraf etganligini ta’kidlash joiz.
Ikkinchi bo‘limdagi vaziyatlar borasida to‘xtaladigan bo‘lsak, “lochinlar”ning hujumlaridan birida Abrorbek Ismoilovning boshi bilan darvozaga yo‘llagan zarbasini “Xorazm” darvozaboni Mashhurbek Muhammadjonov qaytardi.
Yana bir vaziyatda esa zaxiradan maydonga tushgan Asadbek Jo‘raboevning zarbasiga aniqlik etishmadi.
Shuningdek, “Xorazm”ning kam sonli qarshi hujumlaridan birida Danila Ejovning zarbasi noaniq chiqdi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar