"Navbahor"dan tushgan taklif, Mo‘minjonovning ishonchi va raqobat haqida yangi mavsumda porlashi kutilayotgan hujumchi bilan suhbat

Xabaringiz bor, Superliganing bir nechta klublari ayni kunlarda Turkiyada yig‘in o‘tkazmoqda. Jumladan, o‘tgan mavsum Pro-Liga chempioniga aylangan "Neftchi" ham Antalyada bo‘lib turibdi. Farg‘ona klubi bugun Rossiyaning "Shinnik" jamoasiga qarshi maydonga tushib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

O‘yindan keyin Sports.uz sayti jurnalisti Jaloliddin Qobiljonov "yo‘lbarslar" hujumchisi Ulug‘bek Hoshimov bilan suhbatlashdi.  

– G‘alaba bilan tabriklayman. Turkiya yig‘ini qanday o‘tmoqda? Deyarli har bir uchrashuvda gol urib kelmoqdasiz.

– Rahmat. Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Hozirda biz kamchiliklarimizni to‘g‘irlash ustida ish olib boryapmiz. Bu erda shart-sharoitlar etarli darajada va ulardan maksimal tarzda foydalanishga harakat qilyapmiz. Ushbu yig‘in davomida ko‘p nazorat o‘yini o‘tkazdik, bu bizga kamchiliklarimizni ko‘rsatib berdi.

– Tarkibga bir qator yaxshi saviyadagi futbolchilar kelib qo‘shildi. Raqobatdan qo‘rqmaysizmi?

– To‘g‘ri, jamoamiz yaxshi futbolchilar bilan kelishuvga erishdi. Bundan xursandman. Ular jamoaga bekorga taklif qilinmagan. Oldimizda ulkan maqsad turibdi. Raqobatga keladigan bo‘lsak, bu futbol, futbolda esa doim kuchlilar g‘alaba qozonadi. Raqobat bo‘lgani yaxshi. Bu sening rivojlanishingga olib keladi. 

– Yangi mavsum oldidan sizga takliflar yo‘q emasdi. Agar sir bo‘lmasa, qaysi jamoalar sizni o‘z safiga qo‘shib olishni xohladi?

– "Olimpik" va "Navbahor" qiziqish bildirdi. Namangan klubi bosh murabbiyining shaxsan o‘zi mening o‘yinlarimni ko‘rib, taklif qilmoqchi bo‘lgan ekan. Bu gaplarni menga agentim aytdi.

– Nima uchun "Navbahor" taklifini qabul qilmadingiz?

– Sababi, "Neftchi" bilan yana bir yillik shartnomam bor. Murabbiyimiz menga ishonch bildirib, o‘yin amaliyoti beryapti. Men bundan mamnunman va Ilhom Mo‘minjonovga rahmat aytaman.

– Yangi mavsumda "Neftchi"ning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

– Albatta yuqori baholayman. Jamoamiz 3 yil deganda Superligaga chiqdi. Biz klubimiz bilan birga katta maqsadlarni niyat qilganmiz va bunga erishamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!