"Neftchi" bu yilgi taqdimotini boshqacha uslubda o‘tkazdi

  • 25.02.2026 05:28
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

2026 yilgi yangi mavsum oldidan "Neftchi" klubi tomonidan anʼanaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan tanishtiruv marosimi bu gal mutlaqo yangicha ruh va mazmunda tashkil etildi. Bu borada klub matbuot xizmati maʼlum qildi.

Avvalgi yillardan farqli ravishda, bu safar yangi aʼzolarni tanishtirish shunchaki sahna va rasmiy taqdimot bilan cheklanib qolmadi. Marosim avvalo mehr-shafqat va insonparvarlik g‘oyalari asosida o‘tkazildi. Yangi futbolchilar nogironligi bo‘lgan bolalar bilan birga sahnaga chiqib, shaxsiy raqam tushirilgan futbolkalarni bevosita ularning qo‘lidan qabul qilishdi. Bu esa tadbirga alohida samimiyat va taʼsirchanlik bag‘ishladi.

Tadbir doirasida “Mehr bilan kuchlimiz” va “Biz birgalikda kuchmiz” shiorlari ostida jamoa va bolalar bir ovozdan chiqish qilishdi. Shuningdek, futbolchilar master-klass ko‘rsatishlari, bolalar bilan esdalik suratlari va sovg‘alar ulashish jarayonlari tashkil etildi.

Ayniqsa, hozir muborak Ramazon oyi munosabati bilan xayriya va ehson tadbirlari o‘tkazilgani marosimning eng muhim jihatlaridan biri bo‘ldi. Qurbonlik amalga oshirilib, nuroniylar va tarbiyalanuvchilar ishtirokida duo-fotihalar qilindi. Iftorlik dasturhoni yozilib, futbolchilar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari shaxsan tarqatildi. Nuroniylarni iftorlikka kuzatib kirish va ular bilan bir dasturxon atrofida suhbat qurish jarayonlari tadbirga chuqur maʼnaviy mazmun baxsh etdi.

Bu galgi tanishtiruv marosimi nafaqat yangi futbolchilarni taqdim etish, balki jamoaning ijtimoiy masʼuliyati, insonparvarlik qadriyatlari va xalq bilan birga ekanini namoyon etgan muhim voqeaga aylandi.

Yangi mavsumda jamoaning yangi aʼzolari quyidagi raqamlarda harakat qilishadi:

16 — Ibrohim Shokirov
2 — Izzatillo Po‘latov
44 — Mo‘minxon Bahodirxonov
9 — Xurshid G‘iyosov
77 — Ratinyo
14 — Daler Tuxsanov
30 — Rustam Fomin
11 — Asilbek Jumaev
18 — Perisa Stipe

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!