"Neftchi"ning Antalya yig‘ini tugadi. Amaldagi chempion mavsumga tayyormi?
O‘zbekistonning amaldagi chempioni "Neftchi" jamoasi Turkiyaning Antaliya shahrida tashkil etilgan ikki bosqichli oʻquv-yiğin mashgʻulotlarini oʻz nihoyasiga yetkazdi.
3 yanvardan 20 yanvargacha davom etgan birinchi bosqich hamda 24 yanvardan 17 fevralgacha boʻlib oʻtgan ikkinchi bosqich orqali jamoa yangi mavsum oldidan puxta tayyorgarlik jarayonini toʻliq yakunladi.
Bosh murabbiy Islombek Ismoilov va murabbiylar shtabi tomonidan ishlab chiqilgan reja asosida futbolchilar kuniga ikki mahaldan mashgʻulotlarda ishtirok etishdi. Mashgʻulotlar asosan taktik ishlanmalar, oʻyin sxemalarini mukammallashtirish, jismoniy holatni yaxshilash hamda analitik tahlillar asosida kamchiliklarni bartaraf etishga qaratildi. Jarayon yuqori intizom, professional yondashuv va ijobiy muhitda kechdi.
Nazorat uchrashuvlarida esa mashgʻulotlarda ishlab chiqilgan taktik gʻoyalar va sxemalarni amaliyotda sinovdan oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratildi. "Neftchi" yiğin davomida jami 9 ta nazorat oʻyinida maydonga tushib, shulardan 6 tasida gʻalaba qozondi va 3 uchrashuvda magʻlub boʻldi. Bu natijalar tayyorgarlik jarayonining samarali oʻtganini koʻrsatadi.
Yiğin davomida 30 nafar futbolchi maydonga chiqdi, ularning 11 nafari yosh iqtiyor egalari ekani alohida eʼtiborga loyiq. Bu esa klubda sogʻlom raqobat va kelajak uchun mustahkam zahira shakllanayotganidan dalolat beradi.
Shu tariqa, Antaliyada oʻtgan yiğin mashgʻulotlari muvaffaqiyatli yakunlandi va "Neftchi" bugun Oʻzbekistonga qaytmoqda. Endi asosiy eʼtibor rasmiy uchrashuvlarga qaratiladi.
Fikrlar