Netu Jotaning vafotidan so‘ng tushkunlikka tushib qoldi
Pedro Netu do‘sti Diogu Jotaning vafoti sababli mashg‘ulotda qatnasha olmadi.
"A Bola" nashrining xabar berishicha, "Chelsi" hujumchisi do‘stining halok bo‘lgani haqidagi xabardan larzaga tushgan va payshanba kungi mashg‘ulotga kelmagan. Uning klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatining chorak final bosqichida "Palmeyras"ga qarshi o‘yinda ishtirok etishi ham gumon ostida qolmoqda.
Netu va Jota "Vulverxempton" safida birga to‘p tepgan, shuningdek, Portugaliya milliy terma jamoasida ham birga bo‘lishgan.
Londonliklar bosh murabbiyi Entso Mareska o‘yinda qatnashish yoki qatnashmaslik qarorini futbolchining o‘ziga havola qildi.
- Bu butunlay uning qarori, u o‘ynash yoki o‘ynamasligini o‘zi hal qilishi kerak va biz uni qo‘llab-quvvatlaymiz. Uning har qanday qarori to‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun u maydonga tushadimi yo‘qmi, farqi yo‘q - o‘zini qanday his qilishini ko‘ramiz.
Bir narsa aniqki, biz unga qo‘limizdan kelgancha yordam beramiz, - dedi Mareska.



Fikrlar