
Neymarning ko‘zlari yana yosh. Unga muxlislar jiddiy ayb yuklamoqda!
Neymar faoliyati davomida qo‘pol himoyachilardan juda ko‘p ozor chekdi. Ba’zan o‘z fintlari bilan raqiblarning asabiga tekkan bo‘lsa, ayrim holatlarda tasodif sababli, og‘ir jarohat orttirib oladi.
Yaqindagina Frantsiya kubogining 1/32 bosqichida «Kann»ga qarshi o‘yinda PSJ g‘alaba qozondi, ammo bu hech kimga tatimadi. Jamoa etakchisi Neymar yana noma’lum muddatga safdan chiqdi.
Janjal
Uchrashuv yakunlangach, «Kann» ustozi Paskal Dyupra voqeaga quyidagicha izoh berdi:«Men yig‘lamoqchi emasman. O‘rnimga Neymar yig‘laydi».
Shu yo‘sinda, murabbiy bir necha yillardan beri Neymarni tanqid qilib kelayotganlar qatoridan o‘rin egalladi. Neymarni muxlislarning katta qismi keskin tanqid qilishga o‘tib ketgan. Ortiqcha his-hayajonga berilish va maqtanchoqlik sababli uning "hater"i juda ko‘p.
Misol uchun «Marsel» klubi rasmiy do‘konlariga kirish uchun Neymarning futbolkasini bosib o‘tish lozim. Klub muxlislari do‘konga kirishdan avval, oyoq kiymini aynan braziliyalik futbolchining nomi tushirilgan futbolkaga artishni odat qilgan.
Neymar Juniorning jarohati jiddiy ekanligini ma’lum qilingach, «Kann» ustozi yana fikr bildirdi:
«Neymar ajoyib futbolchi. Super texnika egasi. Uning driblingi a’lo darajada. Boz ustiga, u raqiblarini xijolat qilib, aldab o‘tishni sevadi. Shunday ekan, u qarshisida futbolchi borligini unutmasligi lozim. Bu futbol va unda to‘qnashuvlar sodir bo‘ladi. Agar raqib driblingga ortiqcha urg‘u bersa, yigitlarimiz darrov javob qaytaradi. Men o‘z futbolchilarim qoida doirasida futbol namoyish etdi, deb hisoblayman».
Neymardan javob
Neymar ijtimoiy tarmoqlardagi keskin tanqidlarga javob qaytarishga qaror qildi. U o‘z "Instagram" sahifasida kattagina post qoldirdi:
«Ba’zan o‘z o‘yin uslubim sababli noqulaylik sezaman. Raqiblarni aldab o‘tmoqchi bo‘lganim uchun, ko‘pincha, ular oyoqlarimga qattiq zarba beradi. Muammo mendami yoki mening maydondagi harakatimdami?! To‘g‘risi, atrofimdagilarni men haqimda bildirgan fikrlari xafa qiladi. «Yig‘loqi», «o‘spirin», «simulyatsiya», «erkatoy» va yana boshqa so‘zlardan nafratlanaman. Ochig‘i, bunday bosimdan charchadim. Yana qancha dosh berishim mumkinligini bilmayman. Men shunchaki futboldan lazzat olishni istayman. Bundan ortig‘i kerak emas». Hujumchi shu yo‘sinda o‘ziga bildirilayotgan keskin fikrlarga munosabat bildirdi.Jamoa bosh murabbiyi Maurisio Pochettino voqeaga oydinlik kiritishga urindi:
«Ochig‘i, Neymar o‘zini tiklanish jarayonini o‘tkazish maqsadida Braziliyaga qo‘yib yuborishimni so‘rasa kerak. Barchasi shifokorlar bergan xulosalarga bog‘liq. Ba’zan, futbolchilarni himoya qilish maqsadida shunday yo‘l tutish kerak. Ana shunda ular tezroq tiklanadi va yana jamoa safiga kelib qo‘shiladi. Umid qilamanki, u «Barselona»ga qarshi javob uchrashuvida bizga yordam bera oladi. To‘g‘risi, Neymar katta o‘yinlarda o‘zini yaxshi his etadi. Afsuski, muhim bahsda u bizga yordam bera olmaydi. Shunga qaramay, men optimistman. Klubning imkoniyatlarini yuqori baholashda davom etaman».
Muxlislarning fikri o‘zgacha?!
Ko‘plab futbol ishqibozlari braziliyalik futbolchining jarohati orqasida boshqa narsa yashirin deb hisoblamoqda. Mavsumning bu qismida Neymar Ispaniyada ham hech qachon maydonga tushmagan. Ortiqcha sariq kartochka yoki kichik jarohat sababli safdan tushib qolgan. Ma’lumotlarga qaraganda, u opasining tug‘ilgan kuni arafasidagi o‘yinlarda ishtirok etmaslikka odatlangan.
Bu safar uning tarkibdan chiqishi klubga muammo tug‘diradi. PSJ «Kamp Nou»da Neymarsiz to‘p surishga majbur. Bunday printsipial o‘yinni atayin o‘tkazib yuborish mumkinligiga ishonib bo‘lmaydi, ammo frantsuz nashrlari bu borada klub va futbolchi o‘rtasida kelishuv bor ekanligi haqida xabar bermoqda. Unga ko‘ra, klub tug‘ilgan kunlarda Neymarni qo‘yib yuborishi lozim.
Klubning "Tvitter"dagi ramiy sahifasida muxlislar bildirayotgan fikrlar kishini o‘ylantirib qo‘ymoqda.
«Neymar har yili shu kunlarda jarohat oladi. E’tibor bersangiz, u tug‘ilgan kun yoki karnavalga etib borish uchun atayin safdan chiqadi. Qarab turing, hademay uni Braziliyadagi shifokori huzuriga jo‘natib yuborishadi».
«Bu hech qanday jarohat emas. Nahotki hali ham tushunmadinglar?! 4 haftadan so‘ng, u opasining tug‘ilgan kunini nishonlamoqchi. Qarab turing, u yana Braziliyaga uchib ketadi».
«Neymar o‘zi istagan paytda klubni tark etishga haqli. Bu shartnomada ham ko‘rsatilgan. Bo‘lmasa, bu voqea har yili takrorlanavermasligi kerak edi».
«Bizni yangi asrdagi eng kuchsiz «Barselona»dan uchraladigan mag‘lubiyatlar kutib turibdi. Juda omadsiz klubmiz. Bu ketishda hech qanday sovrin yutmasligimiz aniq».
Fikrlar