Asosiy mazmunga oʻtish

Nodirbek Abdusattorov NAVI bilan shartnomasini uzaytirdi

Abdukarim Atayev
Izohlar: 0

O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Ukrainaning Natus Vinsere (NAVI) kiberport klubi bilan shartnomasini uzaytirdi. Bu haqida klub matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi kelishuvga ko‘ra, Abdusattorov 2027-yilda ham NAVI sharafini xalqaro turnirlarda himoya qiladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik shaxmatchi 2025-yil fevral oyi o‘rtalarida NAVI safiga qo‘shilgan. Shu vaqt davomida u ikki bor Esports World Cup musobaqasida qatnashib, 2025 va 2026-yillarda 5–8-o‘rinlarni egallagan.

2026-yil Abdusattorov uchun muvaffaqiyatli kechmoqda. Fevral oyida u nufuzli Tata Steel Chess Tournament 2026 — Masters musobaqasida g‘olib chiqdi. Shuningdek, FIDE tomonidan tashkil etilgan fristayl shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Mart oyida esa o‘zbekistonlik grossmeyster Prague International Chess Festival 2026 — Masters turnirida ham chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Yilning ikkinchi yarmida Abdusattorov Super Rapid & Blitz Croatia 2026 hamda Green Hills Resort Masters 2026 musobaqalarida kumush medallarga sazovor bo‘ldi.
Uning yil davomidagi eng katta yutug‘i esa Samarqandda o‘tkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi bilan bog‘liq bo‘ldi. Abdusattorov birinchi taxtada individual oltin medalni qo‘lga kiritish bilan birga, O‘zbekiston terma jamoasining umumjamoa hisobida chempion bo‘lishiga munosib hissa qo‘shdi.

NAVI klubi Abdusattorovning kelgusi mavsumdagi ishtirokiga katta umid bildirmoqda. Grossmeyster 2027-yilda ham qator xalqaro musobaqalarda, jumladan, Esports World Cup 2027 turnirida qatnashishi kutilmoqda.

Ulashish
SPORTS.uz'ning Telegram'dagi kanaliga a’zo bo‘ling!

Izohlar (0)

Hozircha izohlar yo'q