Nodirbek Yakubboevdan yana bir super performans - Hindiston taslim etildi!

  • 21.09.2026 20:02
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Shaxmat
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Nodirbek Yakubboevdan yana bir super performans! Oʻzbekiston Olimpiadadagi eng printsipial raqiblaridan biri — Hindistonga qarshi bahsda muhim gʻalabani qoʻlga kiritdi.

Ayni paytda Olimpiadada eng yorqin oʻyin koʻrsatayotgan shaxmatchilardan biriga aylangan Nodirbek Yakubboev nafaqat shaxsiy natijasi, balki terma jamoaga keltirayotgan ochkolari bilan ham alohida ajralib turibdi. U bugungi gʻalabasi bilan Olimpiada davomida terma jamoamizga ikkinchi bor hal qiluvchi ochkoni taqdim etdi.

Avvalroq Turkiyaga qarshi kechgan bahsda ham xuddi shunday manzara guvohi boʻlgan edik. Oʻsha uchrashuvda uchta partiya durang bilan yakunlangan boʻlsa-da, Nodirbek Yakubboev partiyani oxirigacha davom ettirib, eng muhim pallada gʻalabani ilib ketgan va Oʻzbekistonga juda qimmatli ochkoni taqdim etgandi.
Bugun esa tarix yana takrorlandi.

Hindistonga qarshi bahsda oq donalarda harakat qilgan Nodirbek partiyaning maʼlum qismida ham vaqt, ham pozitsion jihatdan jiddiy bosim ostida qoldi. Biroq hamyurtimiz yana bir bor oʻzining eng muhim fazilatini — oxirigacha kurashish qobiliyatini namoyish etdi.

Partiya taqdirini hal qilgan asosiy burilish esa raqibning otni f5 katagiga olib chiqishi bilan yuz berdi. Aynan shu yurishdan keyin Hindiston vakili Nihal Sarin ferzsiz qoldi va tashabbus toʻliq Nodirbek tomoniga oʻtdi.
Yakubboev esa bu imkoniyatni qoʻldan chiqarmadi. U ustunlikni bosqichma-bosqich kuchaytirib, partiyani gʻalaba bilan yakunladi.

Shu tariqa, Nodirbek Yakubboev Hindistonning kuchli va printsipial raqiblaridan biri Nihal Sarinni taslim etdi hamda Oʻzbekiston terma jamoasiga yana bir oʻta muhim ochkoni olib keldi.

Eʼtiborliisi, Nodirbekning bu Olimpiadadagi oʻyini nafaqat natijalar, balki partiyalardagi matonati bilan ham alohida eʼtiborga loyiq. U ikki bor jamoa uchun hal qiluvchi pallada sahnaga chiqib, gʻalabani taʼminladi.

Oldinda esa bizlarni yana bir muhim toʻqnashuv — Xitoyga qarshi bahs kutib turibdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!