Nuno Mendes O'zbekistonga jarimadan urgan goli haqida:: "Bu kombinatsiyani mashg'ulotlarda ishlaganmiz"

  • 24.06.2026 23:44
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Portugaliya terma jamoasi himoyachisi Nuno Mendes Oʻzbekistonga qarshi bahsda urgan goli haqida fikr bildirdi.

Portugaliyalik futbolchi Jahon chempionati guruh bosqichining 2-turidagi uchrashuvning 17-daqiqasida jarima zarbasidan toʻgʻridan-toʻgʻri gol urdi. Toʻp oldida Krishtianu Ronaldu ham turgandi.

"Biz buni mashgʻulotlarda ishlaganmiz. Odatda hamma jarima zarbasini Krishtianu ijro etadi deb oʻylaydi. Kelajakda ham bu usulni takrorlashimiz mumkin. Balki men bilan emasdir, ammo boshqa futbolchilar bilan ish berishi mumkin", — dedi Mendes.

Futbolchi jamoa Oʻzbekistonga qarshi oʻyinda yuqori darajada diqqatni saqlab qolganini taʼkidladi.

"Biz juda xursandmiz. Oʻyin davomida toʻliq diqqatni jamladik. Endi keyingi bahsga tayyorgarlik koʻrish va guruhda birinchi oʻrinni egallash uchun tiklanishimiz kerak", — dedi u.

Mendes tanqidlar haqida ham toʻxtalib oʻtdi.

"Tanqid futbolning bir qismi. Biz bunga koʻnikib qolganmiz. Jamoada hamma bir-biriga yordam beradi va biz har qanday bosimga tayyormiz. Eng muhimi — murabbiy talab qilayotgan oʻyinni namoyish etish va oʻz gʻoyamizga sodiq qolish", — deya qoʻshimcha qildi Portugaliya terma jamoasi himoyachisi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!