O'zbek futbolchisi UEFA Chempionlar ligasida yettinchi uchrashuvini o'tkazdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod Umarali Rahmonaliev o‘ynayotgan Ozarbayjonning "Sabah" jamoasi Yevropa Chempionlar ligasi saralash turniridagi ishtirokini davom ettirmoqda.
Bungacha uchta bosqichda oltita o‘yin o‘tkazgan bokuliklar qit’aning eng nufuzli turniri umumiy bosqichi yo‘llanmasi uchun o‘tkazilayotgan pley-offda Isroilning "Xapoel Be’er Sheva" jamoasiga ro‘baro‘ keldi.
Birinchi uchrashuv raqib maydonida o‘tkazilishi kerak edi. Lekin siyosiy vaziyat tufayli uchrashuv neytral hudud - Ruminiyaning Buxarest shahrida tashkil etildi. Unda hisobni "Sabah" futbolchilari ochganiga qaramay, raqib ikkita gol urdi va uchrashuvni 2:1 hisobida o‘z foydasiga hal qildi.
Keyingi bosqich yo‘llanmasi sohibi 25 avgust kuni Boku shahridagi javob uchrashuvida aniqlanadi. "Sabah" turnirdagi yurishini davom ettirishi uchun o‘z maydonida ikki to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishi talab etiladi.
Bu juftlik g‘olibi Chempionlar ligasining umumiy bosqichida ishtirok etadi, mag‘lub jamoa esa evrokubok mavsumini Yevropa ligasida davom ettiradi.
Ta’kidlash joizki, "Sabah" futbol klubi hali 10 yoshga ham to‘lmagan yangi jamoa.Klub 2017 yil sentabr oyida tashkil etilgan.
Klubning qisqa tarixidayoq uchta milliy sovrin qo‘lga kiritilgan. O‘tgan mavsum "Sabah" ilk bor Ozarbayjon chempioniga aylandi va shu orqali Chempionlar ligasi saralashida debut qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu yo‘lda jamoa Uelsning "Nyu-Seynts" (2:0, 2:1), Finlyandiya ning "KuPS" (1:0, 2:0) va Daniyaning "Orxus" (1:2, 4:0) klublaridan ustun keldi. Bu uchrashuvlarning barchasida Umarali Rahmonaliev ishtirok etdi va maydonda asosiy figurarlardan biri bo‘ldi.
Muhim jihati shundaki, 22 yoshli legionerimiz "Sabah" safidagi o‘yinlari orqali Yevropaning "Top-5" ligalari skautlari e’tiboriga tushdi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Fransiya vitse-chempioni "Lans" Rahmonalievni o‘z safiga qo‘shib olish uchun transfer imkoniyatlarini o‘rganishga kirishgan. Bu jamoa tarkibida ilgari Abduqodir Husanov to‘p tepgan va uning "Manchester Siti"ga transferi Lans klubiga juda katta moliyaviy foyda keltirgan.
Endi "Sabah" o‘z maydonidagi javob uchrashuvida Isroil klubidan o‘tsa, Chempionlar ligasining umumiy guruhida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi. 36 ta jamoa ishtirok etadigan bu bosqich uchun qur’a tashlash marosimi 27 avgust kuni Monakoda bo‘lib o‘tadi. Yevropa ligasi va Konferensiyalar ligasi qur’alari esa 28 avgust kuni o‘tkaziladi.

Fikrlar