O'zbek shaxmatchilari Olimpiadadagi g'alabadan so'ng million dollarlarni bo'lishib oladi
Samarqandda bo‘lib o‘tgan 46-Jahon shaxmat olimpiadasida g‘olib chiqqan O‘zbekiston erkaklar milliy jamoasi a’zolari davlat tomonidan yirik pul mukofotlari bilan ham taqdirlanadi. O‘zbekiston terma jamoasining har bir shaxmatchisiga 200 ming dollardan pul mukofoti berilishi belgilangan.
Jamoa murabbiyi esa 50 ming dollar bilan taqdirlanadi.
Mukofotlar miqdori 2026 yil 21 sentabrda O‘zbekiston prezidenti qarori bilan tasdiqlangan. Hujjatga ko‘ra, kattalar o‘rtasidagi shaxmat olimpiadasida kumush medal olgan jamoa a’zolariga 100 ming dollardan, bronza medali uchun esa 50 ming dollardan to‘lanadi.
FIDE shafelig‘i ostida o‘tadigan jahon miqyosidagi musobaqalar g‘oliblari 15 ming dollar, Osiyo miqyosidagi turnirlar chempionlari 10 ming dollar mukofot oladi. Xalqaro grossmeyster unvonini qo‘lga kiritgan shaxmatchilarga esa 5 ming dollar miqdorida rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.
Olimpiadaning hal qiluvchi, yakuniy turida O‘zbekiston Ukraina jamoasini 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi va tarixida ikkinchi bor jamoaviy oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ilk bor bunday yutuq 2022 yilda Chennai shahrida o‘tgan olimpiadada qayd etilgan edi.
46-Jahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston sharafini Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yakubboev, Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov himoya qildi.
Jamoa kapitani sifatida 2004 yildagi FIDE jahon chempioni Rustam Qosimjonov faoliyat yuritdi.

Fikrlar