O‘zbekiston keyingi bosqichga chiqishi kerak, deb hisoblardim! Kannavaroning eng katta xatosi ochiq aytildi

  • 29.06.2026 00:22
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Valeriy Nepomnyashchiy O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixiy jahon chempionatidagi omadсиз ishtirokini italyalik bosh murabbiy Fabio Kannavaro tanlagan taktik qarorlar bilan bog‘ladi.

O‘zbekiston terma jamoasi musobaqada debut qilganiga qaramay, guruh bosqichini mag‘lubiyatlar bilan yakunladi. Jamoa Kolumbiya (1:3), Portugaliya (0:5) va Kongo Demokratik Respublikasi  (1:3) futbolchilariga yutqazib, pley-off bosqichiga chiqa olmadi.

O‘zbek futbolchini yaxshi bilan rossiyalik mashhur mutaxassis Valeriy Nepomnyashchiy jurnalistlar bilan muloqotda O‘zbekistonning imkoniyatlari aslida yuqoriroq bo‘lganini ta’kidladi. Uning fikricha, O‘zbekiston kamida guruhda uchinchi o‘rinni egallab, keyingi bosqichga chiqishi kerak edi.

Fabio Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasiga 2025 yilning oktyabr oyida bosh murabbiy etib tayinlangan. Jamoa esa jahon chempionati yo‘llanmasini undan avvalroq, Timur Kapadze boshchiligida qo‘lga kiritgan edi. 

Nepomnyashchiyning o‘zi 2006 yilda O‘zbekiston terma jamoasini boshqargan, 1988–1990 yillarda esa Kamerun terma jamoasiga ustozlik qilgan va bu jamoa bilan 1990 yildagi jahon chempionatida muvaffaqiyatli qatnashgan.

- Ehtimol, bu haqida gapirish men uchun unchalik to‘g‘ri emasdir, lekin baribir aytaman: jamoani Timur Kapadze boshqarishi kerak edi, deb o‘ylayman. Menga shunday tuyulyaptiki, Fabio Kannavaro futbolchilar salohiyatini to‘g‘ri baholay olmadi va o‘yinlar uchun munosib taktika tanlamadi. 

Kannavaro o‘yinchilarni o‘z g‘oyasiga moslashtirish o‘rniga, aksincha, ularning kuchli tomonlaridan kelib chiqib taktika qurishi lozim edi. 

Kapadze esa ular bilan ancha vaqt ishlagan, imkoniyatlarini yaxshiroq biladi. Birinchi o‘yinda jamoa juda qotib qolgan, ehtiyotkor o‘ynadi, ikkinchisida esa aksincha, haddan tashqari xavfli, avantyuraga yaqin uslubni tanladi, – dedi Valeriy Nepomnyashchiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchinchi bahsda jamoa o‘yini biroz yaxshilangan, ammo raqib ham unchalik kuchli emasdi.

- Baribir juda ranjidim. Chunki O‘zbekiston termasi guruhda uchinchi o‘rinni olib, keyingi bosqichga chiqishi kerak, deb hisoblardim. Lekin bunday bo‘lmadi. Biz yaxshi biladigan futbolchilar o‘zini yorqin ko‘rsatdi. Lekin bunday tarkib bilan, albatta, himoyadan o‘ynash, qarshi hujumlarda imkoniyat qidirish kerak edi. Bu imkoniyatlardan foydalanа oladigan o‘yinchilar bor. Portugaliya yoki Kolumbiya bilan tengma-teng o‘ynashga urinish esa mutlaqo noto‘g‘ri yo‘l edi, – deya qo‘shimcha qildi  tajriba­li mutaxassis.

Jahon chempionati tarixda ilk bor 48 ta milliy jamoa ishtirokida va birinchi marta bir vaqtning o‘zida uch davlat – AQSh, Kanada va Meksika hududida o‘tkazilmoqda. Musobaqa 19 iyul kuni yakunlanadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!