O‘zbekiston mundialda bu ko‘rsatkich bo‘yicha Angliya bilan bir xil daraja ko‘rsatdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yildgi jahon chempionati davomida o‘yin uslubini eng ko‘p o‘zgartirgan jamoalardan biri sifatida qayd etildi.
Opta Analyst statistika portali ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi har 90 daqiqa ichida o‘rtacha 2,7 marta taktik tuzilishni almashtirgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha jamoa turnirda yettinchi o‘rinni egallab, Angliya va Eron terma jamoalari bilan bir qatordan joy oldi.
Ro‘yxatning yuqori qismida Qatar va Iordaniya jamoalari joylashgan — ular o‘yin davomida o‘rtacha 3,3 marta taktik sxemani o‘zgartirgan.
Belgiya va Chexiya terma jamoalarida bu ko‘rsatkich 3,0, Paragvayda esa 2,8 ko‘rinishida bo‘ldi.
Ma’lumki, O‘zbekiston jahon chempionatida uchta uchrashuv o‘tkazdi. Statistikadan ko‘rinib turibdiki, milliy terma jamoaning Fayyo Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi maydondagi vaziyatga juda faol munosabat bildirgan va o‘yin jarayonida taktik tuzilishni muntazam ravishda yangilab borgan.
90 daqiqa ichida o‘yin sxemasini eng ko‘p o‘zgartirgan terma jamoalar o‘nligi quyidagicha ko‘rinish oldi:
1. Qatar — 3,3
2. Iordaniya — 3,3
3. Belgiya — 3,0
4. Chexiya — 3,0
5. Paragvay — 2,8
6. Angliya — 2,7
7. O‘zbekiston — 2,7
8. Eron — 2,7
9. Aljir — 2,5
10. Misr — 2,4.
Eslatib o‘tamiz, o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatida ishtirok etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi "K" guruhida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi vakillari bilan kuch sinashib, uchala uchrashuvni boy berdi.
O‘zbekistonning jahon chempionatlaridagi birinchi goliga Abbosbek Fayzullaev mualliflik qilgan bo‘lsa, Eldor Shomurodovning Kongo darvozasiga kiritgan to‘pi guruh bosqichining eng chiroyli goli sifatida e’tirof etildi.

Fikrlar