O'zbekiston Rossiya terma jamoasi bilan o'yin shartini aytdi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Odil Ahmadovning ma’lum qilishicha, noyabr oyida milliy jamoa Rossiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi mumkin.
Bu haqida Sport24.ru sayti o‘z manbasiga tayanib xabar berdi.
- Rostdan ham Rossiya futbol ittifoqi bilan muloqotdamiz va noyabr oyida O‘zbekiston hamda Rossiya terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga yaqin turibmiz.
Rossiya terma jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazish istagi bizda yozdanoq bor edi, hozir esa barcha jihatlarni muhokama qilishni davom ettiryapmiz.
Hozircha ikki ehtimoliy raqib bilan muzokara olib boryapmiz — Rossiya va Saudiya Arabistoni. Avvaldan saudiyaliklar bilan o‘yin Ar-Riyodda bo‘lishi kerak edi, ammo xavfsizlik nuqtai nazaridan uchrashuvni Toshkentga ko‘chirishni istayapmiz. Saudiya tomoni hozircha bu taklifga rozilik bermagan, — dedi Ahmadov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Saudiya Arabistoni bilan kelishuvga erishilmasa, katta ehtimol bilan Rossiya terma jamoasiga qarshi o‘yin Toshkentda o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Rossiya tomoni uchrashuvni o‘z maydonida o‘tkazish variantiga ham qiziqish bildirgan, shu sababli o‘yin o‘tadigan joy masalasi ochiqligicha qolmoqda.
- Hali yakuniy kelishuv yo‘q, ammo o‘yin o‘tkazish bo‘yicha kelishib olishga juda yaqin turibmiz. Endi terma jamoamiz bosh murabbiyi Fabio Kannavaro bilan barcha masalalarni muhokama qilib olishimiz kerak. Umid qilamizki, noyabr oyida ushbu o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishga muvaffaq bo‘lamiz, — deya qo‘shimcha qildi Odil Ahmadov.
Eslatib o‘tamiz, sentabr—oktyabr oylarida O‘zbekiston terma jamoasi qator o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazdi: Eronni 3:1 hisobida, Suriyni 4:1 hisobida mag‘lub etdi, Janubiy Koreyaga esa safarda 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Fikrlar