O‘zbekiston sportchisi 2026 yildgi Osiyo o‘yinlaridan chetlatildi
Regbi-7 bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Umar Usmonov Aichi va Nagoyada (Yaponiya) o‘tayotgan 2026 yildagi Osiyo o‘yinlarida doping qoidabuzarligi gumoni bilan vaqtincha musobaqalardan chetlatildi. Bu haqida Xalqaro test sinovlari agentligi (ITA) xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, sportchidan 27 sentabr kuni Nagoyada musobaqadan tashqari nazorat doirasida olingan doping namunasidan drostanolon metaboliti aniqlangan. U anabolik androgen steroidlar turkumiga kiradi va musobaqa paytida ham, undan tashqari davrlarda ham qo‘llash qat’iyan taqiqlangan moddalar ro‘yxatida.
Usmonovga tahlil natijalari rasman yetkazilgan va u ish yuzasidan yakuniy qaror chiqarilguncha vaqtincha diskvalifikatsiya qilingan. Unga Osiyo o‘yinlari doirasida musobaqalarda ishtirok etish, jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkazish va boshqa har qanday sport faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlandi. Shu bilan birga, sportchida “B namuna”sini qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazishni so‘rash va vaqtincha chetlatish qarorini Sport arbitraj sudining doping bo‘yicha bo‘linmasiga shikoyat qilish huquqi mavjud. Hozircha ish bo‘yicha yakuniy hukm e’lon qilinmagan.
Umar Usmonov O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida erkaklar o‘rtasidagi regbi-7 musobaqalariga kiritilgan edi. Guruh bosqichida o‘zbekistonliklar Gonkongga 0:45, Xitoyga 0:50 va Malayziyaga 0:22 hisobida mag‘lub bo‘lib, “A” guruhida so‘nggi o‘rinni egalladi.
2 oktyabr kuni O‘zbekiston terma jamoasi 9–12-o‘rinlar uchun o‘tkazilgan tasalli bosqichida Qozog‘istonga 7:35 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shu tariqa, jamoa Osiyo o‘yinlari-2026 doirasida o‘tkazgan to‘rt uchrashuvning birortasida ham g‘alaba qozona olmadi.

Fikrlar