O‘zbekiston terma jamoasini jahonning eng zo‘r murabbiyi boshqaradigan bo‘ldi
Gruziyalik mutaxassis Lasha Gudjejdzhani Oʻzbekiston dzyudo terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqida Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasiga xabar berdi.
«Lasha Gudjejdzhani — Oʻzbekiston terma jamoasining yangi bosh murabbiyi!
Oʻzbek dzyudosida yangi sahifa ochilmoqda — muhim tayinlov amalga oshirildi!
Gruziyalik mutaxassis Lasha Gudjejdzhani rasmiy Oʻzbekiston erkaklar dzyudo terma jamoasining bosh murabbiyi sifatida faoliyat boshladi.
Lasha Gudjejdzhani rahbarligida Oʻzbekiston terma jamoasi Lausanne Grand Slam 2026 musobaqasida ishtirok etib, bitta oltin, ikkita kumush va ikkita bronza medalini qoʻlga kiritdi hamda dunyo boʻyicha 77 davlat orasida kuchli oltilikdan oʻrin oldi.
Maʼlumot uchun, Lasha Gudjejdzhani 2020 yil 1 dekabrdan 2026 yil iyuligacha Gruziya terma jamoasining bosh murabbiyi boʻlib ishlagan. Uning qoʻl ostida gruzin dzyudochilari Tokio-2020 Olimpiadasida bitta oltin va uchta kumush, Parij-2024 Olimpiadasida esa bitta oltin va ikkita kumush medalini qoʻlga kiritgan.
2025 yilda Gruziya terma jamoasi jamoaviy bellashuvlarda jahon chempioni boʻlib, tarixiy natija qayd etgan. Sportchi sifatida Gudjejdzhani oʻzi ham ikki marta jahon chempionati sovrindori boʻlgan», — deya qayd etilgan instagramdagi xabarda.
2022 yilda Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) Gudjejdzhaniga «dunyoning eng yaxshi murabbiyi» sifatida rasmiy baho bergan. Yevropa dzyudo ittifoqi (EJU) esa uni 2021 va 2023 yillarda ikki bor «Yevropaning eng yaxshi murabbiyi» deb eʼtirof etgan. 2026 yil yozida u Gruziya terma jamoasidan ketgan boʻlib, oʻz soʻzlariga koʻra, bu qarorga motivatsiya pasaygani sabab boʻlgan.

Fikrlar