O'zbekistonlik tennischi Pekinda sensatsiya ko'tardi
O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan tennischi Kamilla Rahimova (WTA reytingida 76-o‘rin) Pekinda (Xitoy) o‘tayotgan WTA 1000 turnirining ikkinchi bosqichida kanadalik Leyla Fernandezni (26-o‘rin) mag‘lub etdi, deb xabar bermoqda Sports.kz.
Uchrashuv 6:2, 4:6, 6:3 hisobida Rahimova foydasiga yakunlandi. Bellashuv ikki soat 33 daqiqa davom etdi. Birinchi setda ustunlikni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik sportchi ikkinchi setda raqibasiga imkoniyatni boy berdi va hisob setlar bo‘yicha tenglashdi. Qat’iy kurash ruhida o‘tgan hal qiluvchi setda esa Rahimova yana bir bor ustun kelib, musobaqaning uchinchi bosqichiga yo‘l oldi.
Uchrashuv davomida Kamilla 11 ta breyk-poyntdan 5 tasini ishga solishga muvaffaq bo‘ldi, Fernandez esa 4 ta imkoniyatdan ikkitasidan foydalandi. Ikkinchi to‘p uzatish vaqtida Rahimova ochkolarning 63 foizini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, kanadalik tennischi bu ko‘rsatkich bo‘yicha 35 foiz bilan cheklandi.
1/16 finalda Rahimova AQSh vakili Iva Yovichga qarshi maydonga tushadi. U jahon reytingining 13-pog‘onasini egalab turibdi. Ushbu bahs g‘olibi turnirning to‘rtinchi bosqichiga chiqadi.

Fikrlar