O'zbeklar Portugaliya va Kolumbiya bilan endi to'qnashdi, biz esa har yili o'ynaymiz!

  • 06.07.2026 10:06
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Qozog‘iston futbol federatsiyasi huzuridagi professional klublar musobaqalarini o‘tkazish direktoriyasi rahbari Erjan Musabekov qator mutaxassislar va muxlislar tomonidan UEFAdan chiqib, yana Osiyo futbol konfederatsiyasiga qaytish haqida bildirilayotgan fikrlarga munosabat bildirdi. 

Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi birinchi bo‘lib jahon chempionatiga chiqqanidan keyin Qozog‘iton ham Osiyo qit’asiga qaytishi lozimligi haqidagi chaqiriqlar ancha ko‘payib qoldi. 

— Qanday qilib bunday gaplarni aytish mumkin? O‘zbekiston jahon chempionatida o‘ynaganidan hozir hamma xursand, biz ham xursandmiz. 

Lekin ular 30 yil ichida ilk bor Portugaliya, Kolumbiya kabi yuqori darajadagi terma jamoalarga qarshi rasmiy o‘yin o‘tkazmoqda. Biz esa, shukrki, har yili shunday darajadagi terma jamoalarga qarshi maydonga tushyapmiz: milliy terma, yoshlar, ayollar termalari, klublar — bundan tashqari, bu o‘yinlar uchun pul ham olamiz, — dedi Erjan Musabekov.

Qozog‘iston rasmiy Osiyo futbol Konfederatsiyasidan chiqib,  2002 yil 25 aprel kuni Stokholm shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa futbol ittifoqi kongressida UEFA tarkibiga o‘tdi va tashkilotning 52-a’zosi bo‘ldi. 

Konfederatsiyani almashtirishga asosiy turtki — Osiyo mintaqasidan chiqib, Evropada raqobat darajasi, daromad va infratuzilma imkoniyatlari yuqori bo‘lgan muhitda ishtirok etish istagi edi.

Bu qarorni amalga oshirishda geografik omil ham muhim rol o‘ynadi: Qozog‘iston hududining taxminan 14 foizi Evropada, ya’ni Ural daryosi g‘arbida joylashgan. 

Qozog‘iston futbol ittifoqi rahbariyatining UEFA va FIFA rahbarlari bilan ko‘plab uchrashuvlari, uzoq muzokaralar, shuningdek, 2001 yilda mamlakatning ixtiyoriy ravishda OFKdan chiqishi ortidan evropalik delegatlar Qozog‘istonning arizasini yakuniy tarzda ma’qullagan edi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!