OChLda imkoniyatlarimiz qanday?

  • 30 aprel, 2019, 16:18
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Osiyo chempionlar ligasi 5-tur o‘yinlarida o‘tkaziladi.

Tecno

Ishonchni oqlamagan “Lokomotiv”

Avvalgi turda O‘zbekiston chempioni o‘z uyida “Al Ittihod”ni qabul qildi. Saudiya Arabistoni birinchiligida ishlari yurishmayotgan jamoa bilan “termiryo‘lchilar” zo‘rg‘a durang o‘ynashdi.

Vaholanki, aksariyat mutaxassis va ishqibozlar bu uchrashuvda mezbonlarning g‘alabasini kutishgandi. Toshkentliklar, afsuski, muxlislar va futbol jamoatchiligining ishonchini oqlay olishmadi. Natijada imkoniyatimiz pasayib ketdi. Ayni paytda “Loko” hisobida 4 ochko bor. Turnir jadvalida 3-o‘rinda bormoqda. Undan yuqorida 7 ochko bilan aynan Saudiya Arabistoni vakili bormoqda. Birinchi pog‘onani esa BAAning “Al Vahda” jamoasi band etgan – 9 ochko.

“B” guruhi

Klublar

O‘

G‘

D

M

T-F

O

1

Al Vahda

4

3

0

1

10-7

9

2

Al Ittihod

4

2

1

1

10-8

7

3

Lokomotiv

4

1

1

2

6-6

4

4

Al Rayyan

4

1

0

3

7-12

3

Keyingi turda “Lokomotiv”ning taqdiri hal bo‘lishi mumkin. Chunki 5-uchrashuvda vakillarimiz safarda guruh peshqadami bilan kuch sinashishadi. Ushbu jamoalarning Toshkentdagi bellashuvida mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozonishgandi. O‘shanda mag‘lubiyatga uchragan “Al Vahda” hozir peshqadamlik qilmoqda. Andrey Fyodorov shogirdlari imkoniyatni boy berishsa, “Al Ittihod” zafar quchsa, hamyurtlarimiz uchun hammasi tugaydi. Bizni faqat g‘alabalar qoniqtiradi.

Bir qarashda unchalik ham kuchli bo‘lmagan guruhda “temir­yo‘lchilar” qiyinchiliklarga duch kelishdi. Nazariy jihatdan toshkentliklar qolgan ikki turda maksimal natija ko‘rsata oladigandek. Ammo amalda... Jamoaga nimadir etishmaypti. Kimdir aytishi mumkin, klubni etakchilar tark etgan deb. Ammo o‘sha kuchli futbolchilar borligida ham guruhdan chiqishni uddalay olmagan edi... Demak, qaerdadir xatoga yo‘l qo‘yilgan. Nimanidir o‘zgartirish kerak. Eng asosiysi, kuchli murabbiy va yaxshi saviyadagi legionerlar zarur. Hozir tarkibdagi xorijlik futbolchilarning nafaqat OChLda, balki Superligada ham jamoaga nafi tegmaypti. Foyda keltirishi ham qiyin. Chunki ular avvalgi jamoalarida ham nimanidir qoyillatib qo‘yishmagan. Nega saviyasiz legionerlarni jalb qilaveramiz, hech tushunmayman.

“Lokomotiv” keyingi turlarda g‘alaba qozongani bilan taqdiri o‘z qo‘lida bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun jamoa endi raqib­larining qoqilishini kutadi. Bu esa juda qiyin.

“Lokomotiv”ning guruhdagi qolgan o‘yinlari:

5-tur. 7 may

“Al Vahda” – “Lokomotiv”

6-tur. 21 may

“Lokomotiv” – “Al Rayyan”

 

Shota Arveladzega nima etishmayapti?

Qatarga safar uyushtirgan “sherlar” oldingi turda “Al Sadd”ga qarshi Toshkentdagi bahsda yo‘l qo‘­yil­gan xatolarni takrorlashdi. Ya’ni Shota Arveladze darvozabon tanlashda adashdi. Xavi poytaxtimizdagi bellashuvda Sanjar Quvvatovni qay tarzda dog‘da qoldirishini ko‘rdik. Uning kamchiligidan ispaniyalik yulduz unumli foydalandi. Arveladze Qatardagi bellashuvda Eldor Suyunovni maydonga tushirsa yaxshi bo‘larmidi... Chunki Eldor bo‘y borasida Sanjardan ustun. Mag‘lubiyatdan so‘ng poytaxtliklar peshqadamlikni boy berishdi va 3-o‘ringa tushib ketishdi.

Shota Arveladzega nima etishmaypdi? Sharoit, moddiy ta’minot, xorij yig‘inlari, eng kuchli futbolchilar va hokazo. Ammo bular ham gruziyalik mutaxassisga etmayotgandek. “Sherlar” o‘tgan yili OChL saralashidan o‘ta olishmagandi. Bu mavsum ham guruhdan chiqishda ancha qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Nima uchun shunday? Balki Arveladze “Paxtakor” rahbariyati o‘ylaganchalik kuchli murabbiy emasdir. Agar aksi bo‘lganda, shu paytgacha qandaydir natija ko‘rsatishi lozim edi. Ko‘pchilik jamoaga xalqaro maydonda katta ishonch bildirayotgandi. Biroq...

E’tiborli tomoni shundaki, “Paxtakor” o‘zidan oldinda turgan “Al Ahli”ni Toshkentdagi bahsda enggandi. “Al Sadd” esa turnir jadvalida peshqadam. “Sherlar”ni shu klublar bilan 1-2 ochko ajratib turibdi. Hali imkoniyat bor. Undan esa foydalanish zarur.

“D” guruhi

Klublar

O‘

G‘

D

M

T-F

O

1

Al Sadd

4

2

1

1

5-5

7

2

Al Ahli

4

2

0

2

4-4

6

3

Paxtakor  

4

1

2

1

5-5

5

4

Persepolis

4

1

1

2

4-4

4

 

“Paxtakor”ning guruhdagi qolgan o‘yinlari:

6 may. 5-tur

“Paxtakor” – “Persepolis”

21 may. 6-tur

“Al Ahli” – “Paxtakor”

Umuman olganda, klublarimizning ushbu muvaffaqiyatsizlik­larida murabbiylarning katta aybi bor. Chunki ular futbolchi, legionerlar tanlashda xatoga yo‘l qo‘yishadi. Qolaversa, jismoniy va ruhiy holat borasida kamchiliklarimiz bor. Raqiblarimizga e’tibor bering, tarkibidagi futbolchilar tinmay yuguradi, legionerlar to‘purarlik qilishmoqda. Bizdagilar-chi?

“Har bahorda shu bo‘lar takror” deganlaridek, guruh bosqichi yakuniga yaqinlashganda, doimgidek, hisob-kitoblar bilan band bo‘lamiz. Qanday natijalar bizni qoniqtiradi, kim yutqazishi kerak? degan savollar qiynab tashlaydi.

Endi jamoalar qolgan bahslarda maksimal darajada ochkolar jamg‘arishi va keyingi yillar uchun kvota ko‘payishiga o‘z hissasini qo‘shishlari lozim.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!