
Odam emas, algoritm: Magnus Karlsenning sirli ustunligi haqida
Magnus Karlsen — zamonaviy shaxmat tarixidagi eng mashhur grossmeyster. U 1990 yil 30 noyabrda Norvegiyaning Tonsberg shahrida tug‘ilgan. Magnus 5 yoshida shaxmat o‘ynashni o‘rgandi, ammo jiddiy shug‘ullanishi 8 yoshdan boshlandi. U juda kuchli xotirasi, matematik fikrlashi va ijodkorlik qobiliyati bilan murabbiylari e’tiborini tortdi. Uning ilk murabbiylaridan biri Norvegiya grossmeysteri Simen Agdestein edi.
2004 yilda u atigi 13 yoshida xalqaro grossmeyster unvonini oldi va o‘sha paytda dunyodagi eng yosh grossmeysterlardan biri bo‘ldi.
Magnus Karlsen shaxmat tarixidagi eng ko‘p formatda jahon chempionligini qo‘lga kiritgan shaxmatchilardan biri hisoblanadi. U uch xil turdagi rasmiy FIDE chempionatlarida jami 15 marotaba jahon chempioni nomiga sazovor bo‘lgan.
Klassik shaxmat bo‘yicha – 5 marta;
Rapid shaxmat – 5 marta;
Blits shaxmat – 5 marta.
2023 yilda Magnus klassik jahon chempionligi unvonidan ixtiyoriy tarzda voz kechdi, biroq shaxmatdagi faoliyatini davom ettirmoqda va boshqa formatlarda g‘alaba qozonmoqda.
“Carlsen vs The World” — Yangi Sahifa
2025 yil bahorida Magnus "Magnus Sarlsen vs The World" deb nomlangan noyob onlayn shaxmat o‘yinida 143 000 dan ortiq global ishtirokchiga qarshi o‘ynadi. O‘yinda har yurish oldidan xalqaro foydalanuvchilar ovoz bergan, Karlsen esa har safar eng ko‘p ovoz to‘plagan yurishga qarshi o‘ynagan. O‘yin 46 yurish davom etdi va oxir-oqibat uch martalik takrorlangan pozitsiya tufayli durang bilan yakunlandi.
Bu o‘yin shaxmat tarixidagi eng katta onlayn interaktiv duel sifatida tarixga kirdi.
Magnus an’anaviy shaxmatdan tashqari, yangi formatlarga ham katta e’tibor qaratmoqda. U “Freestyle Chess” formatining faol targ‘ibotchisi. 2025 yilda Parijda bo‘lib o‘tgan "Freestyle Grand Slam" turnirida Hikaru Nakamura ustidan g‘alaba qozonib, yana bir marta o‘zining moslashuvchanligi va ijodkorligini namoyon etdi.
Karlsen o‘zining noan’anaviy, lekin juda aniqlikka asoslangan o‘yin uslubi bilan tanilgan. U pozitsion ustunlikni sekin-asta oshirib borib, raqibini bosim ostiga olish orqali g‘alabaga erishadi. U ko‘pincha kichik xatolardan katta natijalar chiqaradi. Shu jihati bilan u "Shaxmatning Motsarti" deb ataladi.
Magnus Karlsen shunchaki jahon chempioni emas — u shaxmat madaniyatini, uning ommabopligini va innovatsion taraflarini yangi bosqichga olib chiqqan shaxsdir. U bugungi kunda ham faoliyatini davom ettirib, yangi avlod shaxmatchilari uchun ilhom manbai bo‘lib qolmoqda.
Xolboeva Noila
Fikrlar