Odil Ahmedov Kubok finali haqida: "O‘sha vaziyatdan so‘ng hakam o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarib qo‘ydi"
Andijondagi “Bobur arena” stadionida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kubogi finalida “Paxtakor” “Buxoro”ni 1:0 hisobida mag‘lub etib, sovrinni boshi uzra ko‘targanini yaxshi bilasiz.
O‘yinni bevosita stadionda kuzatib borgan O‘FA vitse-prezidenti Odil Ahmedov Sports.uz jurnalistining savollariga javob berdi.
- Odil aka, Kubok finalini bevosita stadionda kuzatdingiz. Taassurotlar qanday?
- Asosan natija uchun o‘ynaldi. Ikkala jamoada ham hissiyotlarga va kurashlarga boy bo‘ldi. Shuning uchun vaziyatlar kam bo‘ldi. O‘rtada ko‘proq kurashlar bo‘ldi, deb o‘ylayman. Vaziyatlar kam bo‘lishi evaziga o‘yin taqdirini bitta gol hal qilishi ma’lum edi. “Paxtakor”da ham, “Buxoro”da imkoniyatlar u qadar ko‘p bo‘lgani yo‘q.
- “Buxoro”ni oxirida urgan goli ofsayd tufayli hisobga olinmadi. Bu holatga nima deysiz?
- Bilasizmi, futbolda baribir qonun-qoida bor. VAR hakamlari ham ko‘rishgan. O‘sha vaziyatdan so‘ng hakam o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarib qo‘ydi. Qattiqqo‘lroq bo‘lganida o‘yin xotirjamroq tugagan bo‘lardi.
- Sizningcha, goli haqqoniymidi yoki...
- Golni takroriy vaziyatini men ham televizorda ko‘rdim. Ofsayd borligini ko‘rsatishdi. Aytyapman-ku, futbolni qonun-qoidasi bor, VAR bor. Shuning uchun haqqoniy bo‘ldi, deb o‘ylayman.
- Muhitga qanday baho berasiz? Masalan, o‘tgan yilgi Kubok finali bilan solishtirsangiz.
- O‘tgan yilgisi bilan solishtirganda er bilan osmoncha farqi bor. Buxoro O‘zbekistonni narigi chekasida bo‘lgani evaziga ham kamroq muxlislar keldi. “Paxtakor”da ham masofa uzoq edi. Agar vodiyni biror jamoasi finalga chiqqanida balki stadion to‘lgan bo‘lardi.
- Fabio Kannavaro ham finalni kuzatdi. Uning milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi sifatida ish boshlashiga reaktsiyalar turlicha bo‘ldi. Sizni bu boradagi pozitsiyangiz qanday?
- Hammamiz ko‘rib turibmiz, birorta o‘yinni o‘tkazib yubormayapti. O‘zi ham terma jamoani yaxshilab shakllantirishni xohlayapti. Hozir gaplashganimizda ham o‘z rejalarini aytyapti. O‘ylaymizki, terma jamoamiz uchun ancha foydali murabbiy bo‘lishiga ishonchim komil.
Fikrlar