Oladigan bormi? “Real” o‘z hujumchisiga narx belgiladi

  • 08.05.2026 11:26
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘tgan yozda AQShda o‘tkazilgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida to‘purarlik mahoratini namoyish qilgan Gonsalo Garsiya “Real”ning asosiy jamoasiga qabul qilingan edi.

Biroq ispan hujumchisiga Madrid superklubidan joy tegmayapti. “Real” 22 yoshli hujumchini yozgi transferlar oynasi davrida sotib yubormoqchi.

Gonsaloga takliflar yetarli. Xususan, u faoliyatini Germaniya Bundesligasida davom ettirishi mumkin.

Diario AS ma'lumotiga ko‘ra, yosh forvardni sotib olishga Dortmundning “Borussiya” klubi qiziqmoqda. Dortmundliklar yozda Garsiya uchun 30 million yevro taklif qilishga tayyor.

Biroq bu summa madridliklarni qoniqtirmaydi. “Qirollik klubi” 2030 yilning yarmigacha davom etadigan shartnomaga ega bo‘lgan o‘yinchisini 60 million yevrodan kamiga sotishni istamaydi.

Joriy mavsumda forvard Madrid klubi safida barcha musobaqalarda 35 ta o‘yin o‘tkazib, oltita gol urdi va uchta golli uzatma berdi. Transfermarkt portali Garsiyaning qiymatini 30 million yevro deb baholamoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!