Olimpiada yo‘llanmasi sohibiga ikki xonali uy sovg‘a qilindi
2020 yil 25 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoevning “Humo arena”da respublikamiz yoshlari bilan uchrashuvi chog‘ida har yil o‘z sohasida faol bo‘lgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash taklifi bildirilgan edi.
Shu munosabat bilan, kuni kecha, Navoiy shahar “Yoshlar” markazining katta majlislar zalida viloyatda 2020 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan bajarilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Bu haqda jismoniy tarbiya va sport vazirligi rasmiy sayti xabar tarqatdi.
Tadbirda festivalda faol ishtirok etgan iqtidorli yoshlar, yuqori natijalar qayd etgan sportchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar Navoiy viloyati hokimi tomonidan rag‘batlantirildi.
Marosimning eng kulminatsion nuqtasi – suzish bo‘yicha O‘zbekiston ochiq kubogida 1-o‘rinni egallab, Tokio olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan hamda 2020 yil yakunlariga ko‘ra, Navoiy viloyatida “Eng yaxshi sportchi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan Xurshid Tursunovga ikki xonali uyning kalitini topshirish jarayoni bo‘ldi.

Fikrlar