
"Olimpik Mobiuz" bosh murabbiyi "Qo‘qon-1912"ga yutqazganidan so‘ng: "Raqib jamoa yutish uchun hech narsa qilmadi"
Pro liganing 5-turida “Olimpik Mobiuz” o‘z uyida liga etakchilaridan biri “Qo‘qon-1912”ga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. “Olimpik Mobiuz” bosh murabbiyi Farhod Nishonov uchrashuvdan keyin mag‘lubiyat sabablari haqida fikr bildirar ekan, jumladan shunday dedi:
- O‘ylaymanki, raqib jamoa yutish uchun hech narsa qilmadi. O‘zimiz xatolar evaziga gollar o‘tkazib yubordik. Shuning hisobiga yutqazdik. O‘yinni nazorat qildik, vaziyatlar yaratdik. Faqat muammo imkoniyatlardan foydalanishda. Mana shu jihat bo‘yicha yigitlarga sovuqqonlik etishmayapti. Buning ustida mashg‘ulotlarda ishlayapmiz, harakat qilinyapti. O‘yindan-o‘yinga o‘ylaymanki, gol ham uramiz, g‘alaba ham qozonamiz.
- Jamoa tarkibida bir-ikkita futbolchilar ko‘rinmadi. Bunga sabab nima?
- Hech kimga asosiy tarkibda joy kafolatlanmagan. Maqsadimiz bugundan iborat emas, kelajakni o‘ylaganmiz. Tartib-intizomni to‘g‘rilash uchun ham kimlarnidir o‘yin qaydnomasiga kiritmadik. Bizda hech kimga joy kafolatlanmagan. Xoh u lider bo‘lsin, xoh “kapitan” bo‘lsin. Tartib hammaga bir xil. Birinchi o‘rinda tartib-intizom turadi.
- Keyingi o‘yinlar Kubok doirasida bo‘ladi. Bu borada qanday maqsad qo‘yilgan?
- Har bir uchrashuvda g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Afsus, Superliga yoki pro liga klublari bo‘lsin, hamma o‘zi uchun, natija uchun futbol o‘ynayapti. Hech kim muxlislar uchun futbol o‘ynamayapti. Bu juda yomon. Nima uchun muxlislar stadionga tushishmayapti? Bo‘sh tribunalarda futbol o‘ynash o‘yinchilarga ham, boshqalarga ham qiziqmas. Superliga, pro liga klublarini ko‘ryapmiz, muxlislar yo‘q. Biz bitta ishqibozimiz bo‘lsa ham chiroyli futbol ko‘rsatishga harakat qilamiz. Natijaga chiroyli futbol orqali erishmoqchimiz. Bu haqiqat, buni tan olishimiz kerak. Muxlislar hozir futbolga emas, 10 barobar pul sarflab tog‘ga dam olgani borishyapti. Ishqibozlar futbolga kelib rohatlanishlarini xohlardik. Biz shu yo‘ldamiz. Kubokda ham o‘zimizni futbolni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Baribir ishonamanki, kelajakda terma jamoada va top klublarda o‘ynaydigan futbolchilarni etkazib beramiz. Muxlislar uchun o‘ynashimiz kerak.
Fikrlar