
Oltin avlodning yuksalishi, mundiallardagi muvaffaqiyatlar va bronza medaliga ega chiqqan jamoa — Belgiya
JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlis va mutaxassislarni intizorlik bilan kuttirayotgan turnir tez orada boshlanadi.
Qaysi terma jamoalar "JCh-2022"da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir bor eslatib o‘tib ketamiz.
Mundial startiga 13 kun qolgan va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib o‘tamiz. Demak, "F" guruhining ilk vakili Belgiya orqali o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.
Jamoa haqida
Belgiya qirollik futbol assotsiatsiyasi. Laqabi — “qizil iblislar”.
Tashkil topgan yil: 1895 yil (FIFAga 1904 yil a’zo bo‘lgan)
Jamoa bosh murabbiyi: Roberto Martines
Jamoa sardori: Eden Azar
Ilk rasmiy uchrashuvi: Belgiya – Frantsiya 3:3 (1904)
Eng yirik g‘alaba: Belgiya – Zambiya 9:0 (1994)
Eng yirik mag‘lubiyat: Belgiya – Angliya 1:9 (1927)
Belgiya terma jamoasi ayni paytda FIFA reytingida 2-o‘rinni egallab turibdi. Ularnging eng yaxshi natijasi esa 1-pog‘ona hisoblanadi. “Qizil iblislar” 2007 yilda 71-o‘ringa tushib ketgan va bu ularning tarixidagi eng yomon natijasi hisoblanadi.
Belgiyaliklar urushdan oldingi uchta jahon chempionatining barchasida ishtirok etishadi. Ammo ular ushbu turnirlarda unchalik ham yaxshi ishtirok eta olishmadi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin vaziyat unchalik yaxshilanmadi. Belgiyaliklar urushdan keyingi sakkizta chempionatning atigi ikkitasida qatnashishdi va guruh bosqichidan so‘ng musobaqa bilan xayrlashgan. 1954 yilgi jahon chempionatida ular Angliya bilan 4:4 hisobida durang o‘ynab, ilk ochkolarini qo‘lga kiritishdi, 1970 yilda esa Salvadorni 3:0 hisobida mag‘lub etib, ilk g‘alabasini tantana qilishga muvaffaq bo‘lgan.
Shunday qilib, Belgiya terma jamoasi jahon chempionatidagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritishi uchun 40 yil kerak bo‘ldi.
Belgiya professional futbolining yuksalishi
Biroq, Belgiya klublari professionallikka o‘tishi bilan vaziyat o‘zgara boshladi. O‘tgan asrning 70 yillari oxiri – 80 yillarning boshlarida “Anderlext”, “Bryugge” va “Mexelen” kabi jamoalar muntazam ravishda Evropa musobaqalarining hal qiluvchi bosqichlariga chiqa boshladi. Masalan, 1978 yilda “Anderlext” Kubok egalari kubogini qo‘lga kiritdi, “Bryugge” esa evrokubok finaliga chiqdi.
Bularning barchasi terma jamoaning o‘yiniga ta’sir qilmay qolmadi, unda Yan Kulemans yoki Entso Shifo kabi Evropa miqyosidagi futbolchilar maydonga tusha boshladi.
Belgiya terma jamoasining jahon chempionatidagi ilk muvaffaqiyatli yurishlari 1982 yilga to‘g‘ri keladi. “Qizil iblislar” Ispaniya maydonlaridagi musobaqaga Evropaning vitse-chempionlari sifatida kelib, guruhda Argentina va Salvador terma jamoalarini mag‘lubiyatga uchratishdi, Vengriya bilan esa murosa yo‘lini tanlashdi.
Ammo keyinchalik ular ikkinchi guruh bosqichida Polsha va SSSRga yutqazgan bo‘lsa ham, bu “qizil iblislar” uchun muvaffaqiyatli davr edi.
Barqarorlik davri
Keyin Belgiya yana to‘rtta mundialda qatnashib, uch marta guruhdan chiqdi va 1/8 finallarda juda kuchli raqiblarga mag‘lub bo‘ldi: 1990 yilda - Angliya, 1998 yilda - Germaniya, 2002 yilda - Braziliya.
Belgiya terma jamoasi JCh-2014da
Belgiyaliklar 2006 va 2010 yillardagi jahon chempionatlarini o‘tkazib yuborishdi, ammo turnirga ko‘p narsaga qodir bo‘lgan ajoyib futbolchilar avlodi bilan qaytishdi.
“Oltin avlod” o‘zining haqiqiy kuchini Braziliyadagi mundialda ko‘rsatdi. Guruhda uchta g‘alabaga erishgan belgiyaliklar 1/8 finalda AQSh termasini qiyinchiliksiz mag‘lub etishdi, ammo keyin Argentinaga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Belgiya terma jamoasi JCh-2018da
Ammo Rossiya jahon chempionatida Belgiyaning “oltin avlod”i finalga juda yaqin keldi. Ular guruhdan muvaffaqiyatli o‘tib, Yaponiya, Braziliya kabi terma jamoalarni mag‘lubiyatga uchratib, yarim finalgacha chiqishdi. Ammo ular bo‘lajak chempionlar Frantsiya qarshiligini sindira olmadi. Samuel Umtitining yagona goli o‘yin taqdirini hal qildi. 3-o‘rin uchun kechgan bahsda esa “qizil iblislar” Angliyani 2:0 hisobida mag‘lub etib, bronza medaliga ega chiqishdi.
Turnirgacha bosib o‘tgan yo‘li
Belgiya Qatardagi jahon chempionati uchun yo‘llanmani qiyinchiliksiz qo‘lga kiritdi. Ular Uels, Chexiya, Estoniya, Belarus terma jamoalari bilan bir gururhdan joy olib, 1-o‘rin bilan mundial chiptasiga ega chiqishdi.
Ular saralash bosqichini mug‘lubiyatsiz yakunlashdi. Faqatgina Uels va Chexiya ular bilan durang o‘ynab, bir ochkoga ega chiqishdi. “Qizil iblislar” o‘tkazilgan 8 ta o‘yinda 20 ochko to‘plab, guruhda birinchi o‘rinni egallashdi. Belgiya raqiblar darvozasiga 25 ta gol urgan bo‘lsa, o‘zlari 6 ta gol o‘tkazib yubordi.
Jamoa etakchilari
Belgiya terma jamoasi ancha yulduzli tarkibga ega. Umuman olganda, ancha yillardan beri “qizil iblislar”da zo‘r avlod etishib chiqmoqda va hozirgi tarkib uchun Qatar-2022 so‘nggi imkoniyat bo‘lishi mumkin.
Terma jamoa sardori Eden Azar ayni payt bir qancha muammolarga duch kelgan. U “Real”ning zaxira futbolchisiga aylanib qoldi. Ammo Azar hamon Belgiyaning asosiy yulduzi bo‘lib qolmoqda.
Shuningdek, Tibo Kurtua, Kevin de Bryuyne, Yannik Karrasko, Romelu Lukaku, Yuri Tilemans, Leandro Trossard, Tobi Alderveyreld va Aktsel Vittsel kabi top-darajadagi futbolchilar ham “qizil iblislar” sharafini himoya qiladi.
Kevin de Bryuyne - sariq sochli general.
Tarkibda bunday darajadagi o‘yinchining mavjudligi muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini juda ham oshirib yuboradi.
U APLning eng barqaror, terma jamoa va “Manchester Siti”ning etakchi futbolchisi hisoblanadi.
Belgiyalik yarim himoyachining ajoyib paslar berish mahoratini ham qayd etib o‘tish kerak. “Shaharliklar” safida Xolandning ko‘p gol urayotgani sabablaridan bittasi aynan de Bryuynedir.
Kevin terma jamoa bilan chempionlikni qo‘lga kiritish uchun so‘nggi imkoniyatga ega, shuning uchun biz uning haqiqiy kuchini Qatarda ko‘rishimiz mumkin.
Yuri Tilemans - yarim himoya chizig‘ining “motori”.
Tilemans va Vittsel yarim himoyada ajoyib tandemni hosil qiladi. Tilemans raqib hujumlarini buzish bilan faol shug‘ullanadi va hujum tashkil qilishda ham juda foydali futbolchi hisoblanadi.
Uni de Bryuyne bilan birga Belgiya terma jamoasining ajralmas futbolchisi deyish mumkin.
Romelu Lukaku – “terminator”
Lukaku anchadan beri maydonga tushmaganiga qaramay, terma jamoaning asosiy hujumchisi bo‘lib qolmoqda.
Romelu jamoaning old chizig‘ida juda muhim o‘rin tutadi, chunki u ham to‘pni o‘zida saqlab turishda va o‘zi uchun yaratilgan yarimta imkoniyatdan ham foydalana olishda ham ancha foydali o‘yinchidir.
Lukaku birinchi navbatda o‘zining gavdasi bilan ajralib turadi, lekin uning jussasi katta bo‘lishiga qaramay, yuqori tezligi bor. U terma jamoa safida 68 ta gol urgan va bu bilan to‘xtab qolmasligi aniq.
JCh-2022dagi taqvimi
1 tur, 23 noyabr. Belgiya — Kanada
2 tur, 27 noyabr. Belgiya — Marokash
3 tur, 1 dekabr. Xorvatiya — Belgiya
Fikrlar