
Omadsiz murabbiymanmi? Axir sehrgar emasman-ku...
“Surxon” Superligada o‘z o‘rnini topa olmayapti. Oldiga jiddiy vazifa qo‘ygan klub 12 ochko bilan 12-o‘rinni band etib turibdi. Vaziyatni o‘nglash uchun murabbiylar ham almashtirildi. Farg‘onalik Bahrom Haydarov boshqargan paytda “Surxon”ning natijalari ijobiy tomonga o‘zgarmadi. Undan so‘ng, Ravshan Haydarov kelgach, ham vaziyat o‘nglangani yo‘q. Bahrom Haydarov esa klubdan to‘liq ketganmi yoki hali ham jamoada ishlayaptimi? U bir qator masalalar bo‘yicha sports.uzga o‘zining fikr va mulohazalarini bayon etdi.
“Surxon”da selektsioner murabbiy edim...
- Klubdan ketayotgan mahalimda boshqa lavozimga o‘tasiz, butunlay ketmaysiz, deb aytishgandi, - deydi Haydarov. - Natijada selektsioner murabbiy lavozimiga o‘tkazilganman. Lekin oxirgi bir yarim oydan buyon klubga borganim yo‘q. Sababi, pandemiya va yana boshqa omillar bilan jamoa bilan birga emasman. Jamoaning mashg‘ulot jarayonlarida qatnashmayapman. Chunki endi “Surxon”da boshqa murabbiylar shtabi ishlayapti. Qolaversa, hali klub rahbari bilan uchrashganim ham yo‘q. Tez orada Toshkentga borib barchasiga aniqlik kiritamiz.
“Gol ura olmasa, g‘alaba ham yo‘q”
- Chetdan turib jamoa haqida gapirish oson. Lekin men “Surxon”ning ichki muhitini yaxshi bilaman. Tan olish kerak, u erda tajribali futbolchilar yig‘ilgan. Goh-gohida jamoa a’zolari bilan xabarlashib turibmiz. Jarohat olgan o‘yinchilar ko‘p va yangi yoshlar ham etishib chiqyapti. Moliyaviy tomondan ham biroz muammolar yuz berdi. Har bir klubda bunday susayish bo‘ladi. Aslida “Surxon” o‘z o‘yinlarida yomon harakat qilmayapti. Menimcha, ko‘p hollarda omad yuz o‘giryapti. Masalan, Toshkentda markazlashtirilgan holda o‘tkazilgan uchrashuvlarda ham jamoa yaxshi o‘ynadi. G‘alaba qozonishi kerak bo‘lgan bellashuvlarda qimmatli ochkolarni yo‘qotdi. Oqibatda hammasi salbiyga o‘xshab ko‘rinyapti. Faqat natija bo‘lmayapti. “Navbahor”ni yutayotib o‘zimizga-o‘zimiz gol urdik, yo‘q joydan. “Buxoro”ga qarshi bahsda ham yana yo‘q joydan avtogol tufayli gol o‘tkazdik. Bosh murabbiy Ravshan Akmalovich tajribali mutaxassis. Jamoa o‘yini ham o‘zgargan. Faqat omadsizliklar yuz bermoqda. Gol ura olmayapti va buning natijasida ochkolarni ham to‘play olmayapti. Bu .esa boshqalarning ko‘ziga kuchsiz jamoadek bo‘lib ko‘rinmoqda. Tarkibdagi Shavkat Salomov, Jahongir Mehmonov, Sherzod Karimov kabi o‘yinchilar jamoadagi muhitni ushlab turishadi. U erda yoshlar orasida ham iqtidorlari bor. Menimcha, g‘alabalar boshlansa, omadsizliklar ko‘zga ko‘rinmay ketsa kerak.
“Aybni o‘zimizdan ham qidirishimiz kerak”
- Hamma aybni ham omadsizlikka ag‘darsak bo‘lavermaydi. O‘zim ishlayotgan paytda ham barcha o‘yinchilar o‘ynadi, hammalari sog‘-salomat edi. To‘g‘ri, pandemiyadan so‘ng, hech kim 100 foizga tayyor emasdi. Lekin AGMK, “Mash’al”ga qarshi uchrashuvlarda yutishimiz kerak edi, biroq yutqazdik. O‘sha olmaliqliklar bilan bahsda qancha vaziyatlardan foydalana olmadik. Qo‘shimcha daqiqada hakamning xatosi tufayli gol o‘tkazib yubordik. Aytishim kerakki, jamoamizning o‘yini yomon emasdi, yirik hisoblarda yutqazadigan darajada deb bo‘lmaydi. Murabbiy sifatida meni ham, hozirgilarni ham qaerdadir kamchiliklarimiz bo‘lgan. Aybni boshqalarga ag‘darmasdan o‘zimizdan ham izlashimiz kerak. To‘g‘risi, tarkib bo‘yicha “Surxon” bemalol kuchli beshlikka kurashadigan jamoa edi.
“Klubga bexosdan kelib qolgandim”
- Omadsiz murabbiymanmi? Shunday tuyulishi mumkin. Agar “Surxon”ni boshidan o‘zim tayyorlaganimda balki natijalar boshqacharoq bo‘lishi mumkin edi. Ammo biror nimani bahona qilmasligim kerak. Chunki qo‘limga yaxshi tarkib tushgandi. Faqat ular bilan bemalol ishlashga imkoniyat bo‘lmadi. Klubda 4 oy ishlagan bo‘lsam, 20 kuncha to‘liq mashg‘ulot o‘tkazdim. Shuncha vaqt ichida nimanidir o‘zgartirib yuborgani men ham sehrgar emasman-ku! Boz ustiga yangi klubga bexosdan kelib qolgandim. Dabdurustdan jamoa bilan kirishib ketish oson bo‘lmasdi. O‘zimni omadsiz murabbiyman, deb tushkunlikka tushmayapman. Hali o‘zimni ko‘rsatish uchun zo‘r imkoniyat bo‘lgani yo‘q. Murabbiylikni yaqindagina boshladim, men uchun hammasi oldinda.
“Hali taklif bo‘lmadi, faqat...”
- To‘g‘risini aytaverish kerak, menga hali takliflar bo‘lmadi. Hamma jamoaning o‘z murabbiysi bor. Faqat yordamchi murabbiylikka chaqiruvlar bo‘lyapti. Mavsum tugayversinchi, bir gap bo‘lar. Shunchaki oylik maoshga ilashib qolish uchun ishlash niyatim yo‘q. Hammasini boshidan boshlab yo‘lga qo‘ymoqchiman.
Fikrlar