
Omadsiz transfer yoxud Jasur va Oston Moskvani zabt etolmaydimi?
Rossiyada yozgi transfer mavsumi yakunlanganidan so‘ng, mutaxassislar turli transferlarni tahlil qilib chiqmoqda. Ma’lumki, bu yilgi transfer bozorida Rossiyadagi barcha legionerlarimiz faoliyatida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi.
Rossiyalik futbol mutaxassislari Moskva klublari olgan Jasur Jaloliddinov va Oston O‘runov transferini omadsiz tanlovlar ro‘yxatiga kiritdi.
Nega bunday bo‘ldi?
Bu savolga ular quyidagicha javob bermoqda.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, Moskvaning “Lokomotiv” jamoasi “Bunyodkor”dan Jasur Jaloliddinovni olish uchun 900 ming evro xarajat qilgan. Albatta, bu summaning hammasi “qaldirg‘ochlar” g‘aznasiga tushgani yo‘q. Pulning katta qismini transfer boshida turgan agentlar oldi.
Umuman, Jasurning transferi shov-shuv bo‘ldi. Uni “Lokomotiv”ga tavsiya qilganlar moskvaliklarni yaqin kelajakda jamoaning asosiy o‘yinchisiga aylanadigan vunderkindni olgani bilan tabrikladi. Bunga, 18 yoshli Jasurning “The Guardian” nashri tomonidan o‘z yosh toifasida dunyoning eng iste’dodli futbolchilari reytingiga kiritilgani yaxshi asos bo‘lib xizmat qildi. O‘sha reytingda hamyurtimiz bilan bir qatorda nomi zikr etilgan Ansu Fati bugun “Barselona”da Messining o‘rnini egallashga da’vo qilyapti. Bundesligada porlay boshlagan Jovanni Reyna “Real”ning orzusiga aylandi.
Jasurning transferi esa, futbolimiz rahbarlarida shubha uyg‘otib, bu ish o‘ziga xos surishtiruv va tekshiruvlargacha etib bordi.
Bir so‘z bilan aytganda, Jasur hozirgi paytda “Loko”ga kerakmas bo‘lib chiqdi. Yangi bosh murabbiy Marko Nikolich unga imkoniyat bermadi. Katta futbolchilar va tajribali legionerlarga tayanadigan bo‘ldi.
Buyog‘iga esa, “Lokomotiv” Jasurni kelajak uchun sotib olgan, deb o‘zimizni ovutamiz. Har holda katta klublar ham shu yo‘ldan borib, yosh o‘yinchilarni o‘z safiga qo‘shib olish an’anasi Evropada ancha mashhur.
Jasurning omadi chopib, kutilmaganda “Tambov” varianti paydo bo‘ldi. U mavsum oxirigacha tambovliklar tarkibida ijarada o‘ynaydi. Endi hammasi Jaloliddinovning o‘ziga bog‘liq. Haqiqatan noyob iste’dod sohibi ekanini namoyish eta olsa, futbol tahlilchilari uchun omadsiz transferga muvaffaqiyat to‘nini kiydirish juda oson.
Oston O‘runov bo‘yicha ikki xil qarash mavjud. 19 yoshli futbolchimizning joriy yilning boshida “Lokomotiv”dan “Ufa”ga ko‘chib o‘tgani, shubhasiz, muvaffaqiyatli transfer bo‘ldi. Oston kreativ o‘yin uslubi bilan tezda ko‘zga tushdi. Grandlar e’tiborini qozonishi uchun o‘nta o‘yin kifoya qildi.
“Ufa” bir necha takliflar ichida “Spartak”ning 1,5 million evrolik shartnomasini qabul qildi. Undan ko‘p beradiganlar ham bor edi. Bunda ufaliklarning “Spartak”ga ko‘chib o‘tgan bosh direktori Shamil Gazizov asosiy ishni bajargani hech kimga sir emas. O‘runov yozda sotib olingan yagona futbolchi bo‘ldi. Aleksandr Kokorin esa, erkin agent sifatida keldi. Ma’lumotlarga qaraganda, moskvaliklarning murabbiylar shtabi har ikki futbolchini olinishiga qarshi bo‘lgan ekan. Bunga sabab, “Spartak” yarim himoyasi kuchaytirishga muhtoj bo‘lmagan. Maydon markazidagi pozitsiyalar uchun raqobat katta. Bosh murabbiy Domeniko Tedesko o‘zi aytganidek, ko‘p futbolchilardan iborat katta tarkib bilan ishlash ko‘nikmasiga ega emas.
Qolaversa, poytaxtliklik ayrim mutaxassislarga Ufadan kelgan bosh direktorning bu qarorlari shunchaki ma’qul kelmadi. Ular Gazizovdan yulduz darajasidagi o‘yinchilar transferini kutgandi.
Shunday bo‘lsa-da, futbol mutaxassislari Oston O‘runov “Ufa”ning haqiqiy etakchisi bo‘lganini tan olmoqda. Ular o‘zbek futbolchisi “Spartak” jamoasiga sal erta kelib qolganini ta’kidlayapti.
Biz nima deymiz? Oston qiyinchiliklardan qo‘rqmaydigan yigit. Hozir, kam bo‘lsa-da, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lyapti. Gohida o‘yini yaxshi chiqyapti, ba’zan xato qilyapti. Lekin “Spartak” o‘yinini buzib qo‘ygani yo‘q. Moslashuv jarayoni tugaganidan keyin, o‘zini ko‘rsatishi kutilyapti.
Rossiyalik futbol mutaxassislari Evgeniy Markovning “Krasnodar”ga, Slobodan Raykovichning “Lokomotiv”ga, Xaytam Aleesamining “Rostov”ga o‘tganini ham muvaffaqiyatsiz transfer sifatida baholab, bu futbolchilarning yangi jamoasida o‘ynab keta olishiga shubha bildirgan. Uyog‘ini esa vaqt ko‘rsatadi...
O‘zbek legionerlari faoliyatida jiddiy o‘zgarishlar bo‘ldi!
Rossiya futboli: O‘zbek futbolchilari daromad keltirdi
Fikrlar