Osiyo chempionati. Asilbek Jalilov musobaqani tark etdi, yana bir yosh bokschimiz esa keyingi bosqichda
Xabaringiz bor, Mo'g'ulistonning Ulan-Bator shahri boks bo'yicha kattalar o'rtasida Osiyo chempionatiga mezbonlik qilmoqda. Ushbu musobaqada ikki terma jamoamiz bokschilari ham ishtirok etyapti.
Bugungi dasturdan ikki nafar hamyurtimizning janglari o'rin olgan edi.
-50 kg vaznda vakilimiz Asilbek Jalilov yaponiyalik Daichi Ivaiga qarshi ringga ko'tarildi. Yapon bokschisi bor imkoniyatini ishga solgan holda jiddiy qarshilik ko'rsatdi. Biroq Jalilov harchand harakat qilmasin, vaziyatni o'z tomoniga og'dira olmadi va afsuski musobaqani tark etdi. Yakuniy hisob 1:4.
-60 kg vaznda yana bir sportchimiz Abdurahmon Mahmudjonov ham Osiyo chempionatida o'z yurishini boshladi. U ilk jangida xitoylik Xinlin Chenga qarshi ringga ko'tarildi. Yosh bokschimiz raqibiga nisbatan aniq va samarali harakatlari bilan g'alabani o'z tomoniga og'dira oldi va yakunda 5:0 hisobida zafar quchdi.
Bu haqida O'zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.
Fikrlar